JCH-2022`ning nimchorak finalida Yaponiya — Xorvatiya hamda Braziliya — Koreya Respublikasi terma jamoalari o‘zaro bahs olib borishdi. Yaponiya — Xorvatiya o‘yinida asosiy vaqtda hamda qo‘shimcha bo‘limlarda 1:1 hisobida durang qayd etildi va jamoalar g‘olibni penaltilar seriyasi orqali aniqlaydigan bo‘lishdi. «Lotoreyalar o‘yinida» 1:3 hisobida xorvatiyaliklarning qo‘li baland keldi. Braziliya — Koreya Respublikasi uchrashuvida esa braziliyaliklar yirik hisobda g‘alabaga erishishdi — 4:1.

Yaponiya — Xorvatiya 1:1 (penaltilar seriyasida 1:3)

Yaponiya terma jamoasi guruh bosqichida Germaniya hamda Ispaniya terma jamoalarini mag‘lub etib, barchani hayron qoldirgan edi. Ular guruhda Ispaniyani ortda qoldirib 1-o‘rinni egallashgandi. Shuning uchunmi, ko‘pchilik ushbu uchrashuvda yaponiyaliklardan g‘alaba kutgan edi. Xorvatiya terma jamoasi esa guruhdan 2-o‘rinda chiqqan edi: ular Kanada ustidan g‘alaba qozonib, Marokash va Belgiya bilan durang qayd etishgan.

Yaponiya — Xorvatiya bahsi «Al-Janub» stadionida 42 523 nafar muxlis qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda jamoalar bir-birining darvozasi 4 tadan aniq zarba yo‘llashdi. Yaponiyaliklar 1-bo‘limni g‘olib sifatida yakunlashgan edi. O‘yinning 42-daqiqasida Maeda hisobni ochdi va Yaponiyani hisobda oldinga olib chiqdi. Bu vaziyatdan keyin ham Yaponiya terma jamoasi hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirishga juda yaqin kelgandi. Ammo biroz omad yetishmadi.


Ikkinchi bo‘limda xorvatiyaliklar ancha faollashdi. O‘yinning 55-daqiqasida Perishich hisobni tenglashtirdi — 1:1.

O‘yinning qolgan qismi shiddat bilan o‘tdi, ikkala jamoa ham jiddiy hujumlar tashkil qildi. Ayrim vaziyatlarda darvozabonlar qahramonlik ko‘rsatishdi.

Asosiy vaqt 1:1 hisobi bilan yakunlandi, qo‘shimcha bo‘limlar boshlandi. Jamoalar yana yarim soatdan ortiqroq to‘p tepishadi. Biroq jamoalar uchun bu vaqt ichida boshqa gol kirita olishmadi. O‘yin oxirida Yaponiya ham, Xorvatiya ham penaltilar seriyasiga rozi bo‘lgandek harakat qilishdi. Va g‘olib «lotoreyalar o‘yini» orqali aniqlanadigan bo‘ldi.

Penaltilar seriyasini yaponiyaliklar juda oddiy zarbalar bilan boshlashdi. Xorvatiya darvozaboni Livakovich ularning zarbalarini osonlik bilan qaytargandek ko‘rindi. Xorvatiya terma jamoasi penaltilar seriyasida Yaponiyani 1:3 hisobida mag‘lub etdi va chorak finalga yo‘l oldi. Penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lish har doim ham juda alamli. Nima bo‘lganda ham Yaponiya terma jamoasiga yorqin o‘yinlari uchun rahmat aytib qolamiz.

Braziliya — Koreya Respublikasi 4:1

Braziliya terma jamoasi guruh bosqichida Serbiya va Shveysariya ustidan g‘alaba qozongan holda va kutilmaganda Kamerun terma jamoasiga yengilib, ammo guruhda peshqadam bo‘lgancha, pley-offga chiqqan edi. Ha, Qatardagi JCH`da hattoki Braziliya ham guruhda 100%lik natija qayd eta olmadi. Koreya Respublikasi esa guruhdan 2-o‘rinda, Urugvay bilan durang o‘ynab, Gana terma jamoasiga mag‘lub bo‘lib, so‘nggi turda kutilmaganda Portugaliyadan g‘alabani ilib ketgan holda chiqqan edi. Ushbu terma jamoa urugvayliklarni guruhda qoldirib yuborishdi. Ammo koreyaliklar «pentakampeon»larga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishmadi.

Braziliya — Koreya Respublikasi bahsi «Ras Abu Abud», ya’ni «974» stadionida bo‘lib o‘tdi va o‘yinni tomosha qilish uchun stadionga 43 847 nafar muxlis tashrif buyurishdi. O‘yinda Braziliya terma jamoasi 16 ta, Koreya terma jamoasi esa 8 ta zarba yo‘lladi. Ammo aniq zarbalar bo‘yicha hisob — 9:6. Bahs davomida koreyaliklar 5 marta o‘yindan tashqari holatda qolib ketishdi, Braziliyada bunday holatlar kuzatilmadi.

O‘yinning 7-daqiqasidayoq braziliyaliklar hisobni ochishdi. Gol muallifi — Vinisius Junior. 11-daqiqada esa Koreya Respublikasi darvozasiga penalti belgilandi. Penalti zarbasini Neymar amalga oshirdi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.


Goldan keyin koreyaliklar ham hujumga o‘tishdi, darvozabon Allison braziliyaliklarni goldan qutqarib qoldi. 29-daqiqada braziliyaliklar «joga bonito»ni esga olishdi va chiroyli hujum uyushtirgancha hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirishdi. Risharlison bugun ham chiroyli gol muallifiga aylanmoqda.

36-daqiqada Paketa hisobni yanada yiriklashtirdi — 4:0! Braziliyaliklar birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobni 5:0 yoki 6:0 ko‘rinishiga keltirishi mumkin edi. Jamoalar 4:0 hisobi bilan tanaffusga chiqib ketishdi.

Ikkinchi bo‘lim ham yorqin vaziyatlarga boy bo‘ldi. 76-daqiqada koreyaliklar oradagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi. Golni Payk Sin Xo kiritdi — 4:1. Koreyaliklar o‘yinda bittagina gol kiritishdi, ammo gol qoyilmaqom tarzda, jarima zarbasidan tashqarida turib zarba yo‘llagan holda kiritildi.

O‘yin 4:1 hisobi bilan yakunlandi va Braziliya terma jamosi yengillik bilan chorak finalga chiqmoqda. Chorak finalda Braziliya terma jamoasi osiyoliklarni yenggan yana bir terma jamoa — Xorvatiya bilan kuch sinashadi. Ushbu bahs 9 dekabr soat 20:00 da boshlanadi.