O‘zbekiston milliy universitetida yo‘qolgan qo‘lyozma va toshbosma asarlar ishi bo‘yicha ayblanib, qamalgan universitetning Axborot resurs markazi rahbari Irina Kislitsina ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 10 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek sudi Kislitsinani 2 yil muddatga rahbar va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etib, 5 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum qilgandi. U 57 ta tarixiy noyob qo‘lyozma asarlar, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlar yo‘qotilganda aybdor deb topishgandi, buning natijasida yetkazilgan zarar esa 2,6 mlrd so‘m miqdorida etib belgilangandi.

Sudlanuvchi tergov davomida uning aybi isbotlanmaganligini va barcha ayblovlar asossiz ekanligini aytgandi. Ayblanuvchining qizi Svetlana Nishanbayeva prezidentga yo‘llagan murojaatida tergovchilar taqdim etilgan hujjatlar, dalillar va argumentlarni e’tiborsiz qoldirganliklari, tintuv paytida fotosurat yoki video suratga olinmagani, tintuv orderining nusxasi taqdim etilmaganini ta’kidlagandi.

6 dekabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida unga oid sud hukmi qayta ko‘rib chiqdi va shikoyatda keltirilgan vajlarni o‘rgandi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi ayblovidagi kitoblarni o‘zlashtirganligi tasdiqlanmagan, balki u o‘z mansab vazifalarini lozim darajada bajarmagan. Shu sababli Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan Irina Kislitsinaga oid hukm o‘zgartirildi.

Uning harakatlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandidan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilindi.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a,b» bandlari bilan, 45-moddaga (muayyan huquqdan mahrum qilish) asosan tayinlangan jazolar aslicha qoldirildi.

Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari), 62-moddalari (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida Axborot resurslar markazi rahbari Irina Kislitsinaga o‘tash uchun uzil-kesil 6 oy 23 kun ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud hukmining sudlanuvchidan universitet foydasiga 2,64 mlrd so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish belgilangan qismi chiqarildi. Unga tanlangan qamoqda saqlash ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.