Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek (ilgari Toshkent viloyatining Qibray) tumanidagi «Temuriylar» MFYda yangi ochilgan «zapravka» sabab aholi xonadonlarida gaz bosimi tushib ketgani aytilmoqda. Shoxobcha shu kunlarda aholi tilida 2519 deb ataluvchi chorrahadan kirganda, «5-Avtobus saroyi» yerining bir qismida bunyod etilgandi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Yakshanba kuni soat 11:00 lar atrofida haydovchilar bilan suhbatda «zapravka» ishchilari shu mahallada istiqomat qiluvchi aholi shanba kuni tegishli tashkilotlarga shikoyat qilgani uchun ishlay olmayotgani, aks holda 24 soat ham faoliyat yuritgan bo‘lishini aytishdi.

Telegram`dagi «Temuriylar» mahallasi tomonidan ochilgan guruhda fuqarolar gas bosimi pastligi va uylar isimayotganidan shikoyat qilishyapti.

Guruh a’zolaridan birining fikricha, bosim pasayishiga shoxobcha mahallaning gaz tarmog‘iga ulangani sabab bo‘lgan: «Menga tuman gazda ishlaydigan odam ["zapravka"] mahallani gaz trubasiga ulangan, kattalarning (mansabdorlar nazarda tutilmoqda — tahr.) xabari bor, deb aytdi».

«Hozir o‘zi shamollash ko‘p. Qaysi xonadonga kirmang yo ukol olayapti, yoki tabletka ichib o‘tiribdi. Ko‘pchilik yosh bolalar yo‘talib, aksirib yurishibdi. Mana qor ham yog‘a boshladi. Meni «kotyol»im gaz pastligidan o‘chib qoldi», — deydi ayollardan biri.

«Nevaralarim endi tuzalib, bog‘cha va maktabga chiqishgandi. Shundan yana xavotirdaman. Chunki kechasi bilan yana yo‘talib chiqishdi», — deydi yana bir ayol.

«Qish kirgani buyruq beradigan insonning esidan chiqqan shekilli. Shu odamga telefon qilib, qish keldi, qor yog‘ayapti, deb eslatish kerak», — deya kinoya qilganlar ham bo‘ldi.

Ulardan biri quyidagicha fikrni bildirgan: «Bizning O‘zbekistonda [muammoni] hayqiriqlar bilan hal etish osonroq. Ushbu muammoni jamoatchilik e’tiboriga yetkazish kerak. Balki, xokimlar „zapravka“ ishlab turishidan manfaatdordir, shuning uchun jim bo‘lsa kerak».

4 dekabr kuni soat 20:00 lar atrofida guruhda quyidagicha fikr-mulohazalar bildirilgan.

«O‘rtoqlar gaz kelarmikan, kim biladi? Uylarimiz juda ham sovib ketdi. Bolalarimizning kasal bo‘lmasligi uchun nima qilishimiz kerak? Chaqaloqlarchi?», — deydi fuqarolardan biri.

Ikkinchisi uning gapini tasdiqlab shunday deya qo‘shimcha qilgan: «Hammamizniki ham sovib ketdi. Biz tuman gazga telefon qildik. Gaz soat 18:00—19:00 larda bo‘ladi dedi. Mana soat 20:00 dan oshdi, telefonni ko‘tarmayapti».

«Nima uchun [yo‘q] gazga pul to‘layapmiz? Yoki havogami? Yemay, ichmay, kommunal xizmatlarga to‘lov qilamiz va mana evaziga. Qora nonga qornimiz to‘yar, o‘chirib qo‘ymasin deb, to‘lovlarni vaqtida to‘laymiz. Qani vijdon, qani insofgarchilik?», — deya savol bilan yuzlangan mahalladoshlardan biri.

Mahalla raisi mazkur holat nazoratga olinganligi hamda tegishli tashkilotlarning xabari borligi, ozgina sab qilib turilsa, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini ta’kidlagan.

Yana kimdir dushanba kuni vaziyat o‘zgarishiga umid bildirgan: «Bugun, kecha dam olish kunlari edi. Ko‘p rahbarlar Samarqandda edi. Ertaga respublikada bosim ko‘tarish bo‘yicha buyruq berilsa, kerak».

«Gazeta.uz» muxbiri soat 21:45 da gaz «zapravka» oldiga borganida shoxobcha yopiqligi va turnaqator navbatlar ham yo‘qligiga guvoh bo‘ldi. Qolaversa, ichki ishlar xodimlari navbatchilik qilayotganiga guvoh bo‘ldi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab, 3 kunga gaz shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgan. Bu muddat ichida esa tegishli qarorlar qabul qilinadi va shunga ko‘ra keyin harakat aniq bo‘ladi. Qolaversa, poytaxtdagi «zapravka»lar tungi vaqtda yashirinchi ishlamasligi uchun ichki ishlar xodimlari navbatchilik qilib chiqadi.

Kechga yaqin gaz quyish shoxobchasi faoliyati to‘xtatilgan. Biroq, aholi vakillari xonadonlarda gaz bosimi hanuz pastligini aytishmoqda.

Foto: «Temuriylar» mahallasi guruhidan olindi.

Yakshanba kuni soat 22:29 da shahardagi gaz yetishmovchiligi yuzasidan poytaxt hokimligi bayonot bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, kommunal xizmatlar mavjud gaz zaxirasini barcha iste’molchilar orasida teng taqsimlashga urinishiga qaramay, resurslar yetishmayapti.

«Iloji boricha ko‘proq xonadonlarni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida, jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shohobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtinchalik yopilmoqda», — deyiladi xabarda.