UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Gentra (Lacetti) sedanini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. UzAuto Motors aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) anderrayteri hisoblangan Freedom Broker kompaniyasi saytida bu haqda so‘z boradi.

Avtomobillar modellarining hayotiy sikllari haqidagi slaydda Gentra sikli 2023 yil oxirida tugashini ko‘rish mumkin. Xuddi shunday belgilar Spark va Nexia modellarida ham qayd etilgan — UzAuto Motors avvalroq ularni ishlab chiqarish 2022 yil oxirida tugashi haqida bildirgan edi.

Taqdimotga ko‘ra, kompaniya 2023 yil ikkinchi choragidan Cadillac rusumli avtomobillar (General Motors kompaniyasining lyuks brendi) savdosini boshlashni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, 2026 yildan yangi Chevrolet modelini ishlab chiqarish belgilangan, biroq aynan qaysi model ekani ko‘rsatilmagan.

Kompaniya modellari hayotiy siklining Cobalt bo‘limida Next generation (yangi avlod) yozuvini ko‘rish mumkin. Avvalroq 2024 yildan yangilangan modelni ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.

Hujjatda boshqa modellar sikllari ham ko‘rsatilgan. U yerda joriy yildan Trailblazer savdosi to‘xtatilishi va kelgusi yil boshidan yangi Captiva, shuningdek, 2023 yil oxirida yangi avlod Equinox, 2024 yil boshidan esa Traverse paydo bo‘lishi qayd etilgan.