1 dekabr kuni Polshaning Lodz shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik vaziri Xose Manuel Albares Bueno o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muloqotda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari O‘zbekiston — Ispaniya ko‘p qirrali hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

«O‘zbekiston Ispaniyani Yevropadagi ishonchli va istiqbolli hamkor deb biladi va rasmiy Madridning yaqin kelajakda Toshkentda elchixona ochish rejalarini olqishlaydi», — deyiladi xabarda.

Tomonlar mart oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Ispaniya siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundining samarali natijalarini qayd etib, ushbu shakldagi muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.


Tashqi iqtisodiy aloqalar ko‘rsatkichlarini oshirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, mamlakat bozori imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Ispaniyaning yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Vazirlar turizm, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham fikr almashdi.