28 noyabr kuni Buxoro viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Sud ishini mustaqil komissiya tarkibida «Markaziy Osiyo uyushmasi» inson huquqlari bo‘yicha jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Gulnoz Mamarasulova ham kuzatib boryapti.

Barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglab bo‘lingach, 2 dekabr, juma kuni sud dushanba kunigacha tanaffus e’lon qildi. Shundan so‘ng, Gulnoz Mamarasulova «Gazeta.uz»ga o‘zining xulosalari va fikrlari yuzasidan intervyu berdi.

Gulnoz Mamarasulova. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Dauletmurat Tajimuratov tergov vaqtida qiynoqqa solinmagan, aksincha unga hurmat ko‘rsatilgan, faqat hibsga olish vaqtida qo‘polliklarga yo‘l qo‘yilgan.

«Dauletmurad Tajimuratovning 2 kunlik bergan ko‘rsatmalari davomida tartibbuzaliklardan keyingi kunlarda, uni qo‘lga olish jarayonida qo‘pollik bo‘lgani, turli xil bosimlar to‘g‘risida ham ma’lumot berdi. Shaxsan men Tajimuratov bilan komissiya a’zosi sifatida u Urganchdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan davrida suhbatda bo‘lganmiz. U „siz qaysi tashkilotdansiz?“ degan savolni ham bergan. Tanishtirib o‘tganman. Men xalqaro inson huquqlari bo‘yicha tashkilot faoli ekanligimni bilgandan keyin „Aynan siz menga kerakli odam ekansiz, sizga gaplarim bor“ deb, juda ham muhim fikrlarni berib o‘tgan», — dedi u.

Huquq faoli Tajimuratovga «Bosimlar to‘g‘risida tergov jarayonidan qanday e’tirozlaringiz bor? Bosimlar bo‘lyaptimi? Umuman hibsxonalardagi sharoitlar qanday?» qabilidagi savollarni berganini aytdi.

«U o‘ziga nisbatan tergovchilar iliq muomalada bo‘layotgani, xuddi bugun so‘roq jarayonida aytib o‘tganidek, yaxna ichimliklar qo‘yib, uni mehmon qilishib, erkin, do‘stona suhbat o‘tkazilayotganini ta’kidlagandi. Lekin, kechagi bergan ko‘rsatmalarida unga nisbatan ayrim bosimlar kuzatilgani, biroq bu tergovchilar tomonidan bo‘lmaganini, qo‘lga olish jarayonida esa qo‘polliklar qilingani haqida ham fikrlar berib o‘tdi», — dedi Gulnoz Mamarasulova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, albatta bu masala hali jarayonlarda prokurorlar va tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘tariladi, o‘rganishlar davom etadi. Buning naqadar haq yoki nohaqligi, yo boshqa jihatlari tahlil etiladi.

Huquq faoli nafaqat Tajimuratov, balki boshqa ayblanuvchilar ham sudda o‘z haq-huquqlaridan faol foydalanayotganini qayd etdi.

«Birinchi kun tushlikka qadar tanaffusda 4 nafar ayblanuvchi o‘zining ko‘rsatmalarini berdi va ularning ayblarini tasdiqlash yoki ayrim jihatlarini oshirib ko‘rsatish maqsadida Tajimuratov ularga nisbatan faol harakatlanib, ularga qarshi ishlashi mumkin bo‘lgan bir nechta savollarni faol berib borganini kuzatdik. Hamda u ayblanuvchilarning qanchalik tarzda asabiga tekkanini ham ko‘rdik», — dedi Gulnoz Mamarasulova.

«Ammo, ertasi kuni tushlikdan keyin Tajimuratovning o‘zida ko‘rsatma berish jarayoni boshlandi. Mana bugungi savol-javob qismida shu ayblanuvchilar ham faol ishtirok etdi. Ya’ni, ular ham o‘zlarinig qaysidir ayblarini yengillashtiruvchi yoki jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida Tajimuratovning xulosa va ko‘rsatmalarini eshitganda „to‘g‘ri gapiryaptimi yoki u qaysidir jarayonni oshirib, yashirib ko‘rsatyaptimi“, shularni ochish maqsadida ular ham faol [qarshi savollar berdi]. Ayrimlari birgalikda tasdiqlashdi, birgalikda harakat qilishdi», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, u ayblanvchilarning savol-javoblarda faolligi — o‘z o‘rnida Tajimuratovning asabiylashuviga ham olib kelganini qayd etdi.

«Albatta, qaysidir ma’noda u haq yoki nohaqligini vaqt ko‘rsatadi. Tergov jarayonlari davom etmoqda. U o‘zining ishiga oid guvohlarning ro‘yxatini sudga iltimosnoma sifatida taqdim ham etdi», — dedi xalqaro tashkilot vakilasi.

Uning fikricha, sud jarayonlarini jonli efirda namoyish etish juda muhim ahamiyatga ega.

Bu jarayonning shaffofligini ta’minlash hamda uni xalq kuzatishi, xalqning bunga baho berib borishi va jarayonda qanday to‘g‘ri xulosa chiqarishlarini butun hamjamiyat, Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston xalqi onlayn tarnslyatsiyada kuzatyapti. Bu jarayonlar ertaga sud yoki boshqa tegishli tashkilotlarga nisbatan ham o‘zlarining odilligini, mana shu jarayonlarni ochib berishda naqadar faolligini ko‘rsatishni talab qilar edi. Va bu jarayon muhimligi sababli ochiq tarzda translyatsiya qilinmoqda", — dedi «Markaziy Osiyo uyushmasi» jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Video