XXI asrning so‘nggi o‘n yilligiga kelib butun dunyoda daromadlar tengsizligi masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Bu asosan rivojlangan mamlakatlarda tengsizlikning favqulodda yuqori darajaga yetganligi va o‘sishda davom etayotganligi bilan izohlanadi. Masalan, 1980 yillarda AQShda eng yuqori daromadga ega 1 foiz aholi jami daromadning qariyb 22 foiziga egalik qilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ko‘rsatkich 35 foiz atrofida shakllanmoqda.

Xo‘sh, daromadlar taqsimoti va tengsizligi borasida O‘zbekistonda qanday tendensiya kuzatilmoqda? Tengsizlikning hozirgi darajasi va o‘sish sur’ati aholining turmush farovonligiga qay darajada xavf solishi mumkin?

Mazkur savollarga javob topishdan oldin tengsizlikni o‘lchash usullari va ko‘rsatkichlariga qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.

Daromadlar tengsizligi darajasi bir nechta usullar vositasida o‘lchanadi va, mos ravishda, turli ko‘rsatkichlar bilan ifodalanadi. Ular orasida eng keng tarqalgan hamda eng ko‘p qo‘llanuvchi ko‘rsatkich (yoki koeyeffitsiyent) — jini (Gini) koeffitsiyenti hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, jini koeffitsiyenti (Gini index, Gini coefficient) aholi orasida daromadlar taqsimotini o‘lchash uchun qo‘llaniladi va 0 (mutlaq tenglik)dan 1 (mutlaq tengsizlik)gacha oraliqdagi son bilan ifodalanadi.

Rasmiy statistikaga nazar tashlansa, O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi darajasi bo‘yicha jini koeffitsiyenti faqatgina so‘nggi bir necha yil uchun hisoblab chiqilgan va e’lon qilingan. Qolaversa, mazkur ma’lumotlar mamlakatda tengsizlik darajasining joriy tendensiyasi, ya’ni o‘sayotganligi yoki pasayib borayotganligi xususida aniq bir to‘xtamga kelish imkonini bermaydi.

Jini koeffitsiyentiga asoslangan holda mamlakatimiz va boshqa mamlakatlardagi tengsizlik darajasi taqqoslab ko‘rilsa, birlamchi xulosa taxminan quyidagicha bo‘lishi mumkin: O‘zbekistonda tengsizlik darajasi boshqa davlatlarga nisbatan ancha past darajada; pandemiya davridagi o‘sishni hisobga olmaganda, so‘nggi yillarda umuman o‘smagan. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, jini koeffitsiyenti mamlakatni boshqa davlatlarga nisbatan qay darajada farovonroq ekanligini emas, balki mamlakatdagi jami daromadning qanchalik teng (yoki noteng) taqsimlanganligini ko‘rsatadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2017 yildan boshlab qaytadan rasmiy ravishda e’lon qilina boshlagan jini koeffitsenti 2020 yilgacha hech qanday o‘zgarishga uchramagan va 0,26 darajada saqlanib qolgan (1 ga yaqin ko‘rsatkich tengsizlikning yuqori darajasi, 0 ga yaqin shakllangani esa tengsizlikning past darajasini anglatadi). 2020 yilgi pandemiya mamalakatimizda tengsizlik darajasining oshishiga olib kelgan (yoki tengsizlikning o‘sayotganligi statistikada yaqqol ko‘zga tashlana boshlagan). Biroq, 2021 yildan keyingi davrda jini koeffitsenti pasayib borayotganligini kuzatish mumkin.

Hozirgi holatda mamlakatimizdagi tengsizlik darajasi rivojlangan dunyo, Afrika yoki Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past hisoblanadi. Biroq, o‘rinli savol tug‘iladi: bu mamlakatimizda daromadlar taqsimoti bilan hammasi joyida ekanligini anglatadimi?

Nazarimda, tengsizlikni o‘lchash mumkin bo‘lgan boshqa usullardan foydalanish va mos ko‘rsatkichlarni tahlil qilish mamlakatimizda qanday tendensiya kuzatilayotganligini yanada yaxshiroq va chuqurroq tushunish imkonini beradi. Buning uchun daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlararo tafovutlar, ish haqi miqdorining sohalar kesimida qanday o‘zgarayotganligi hamda turli daromad guruhlarining jami daromaddagi ulushi qanday o‘zgarib borayotganligini tahlil qilish maqsadga muvofiq.

Daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlararo farqlar

Daromadlar shakllanishida hududlar o‘rtasidagi mavjud farqlar bir nechta omillar bilan izohlanadi. O‘zbekiston misolida hududni harakterlovchi asosiy tabiiy boyliklar hamda mazkur hududga hukumat tomonidan qaratilgan e’tibor (investitsiyalar, infrastruktura va h.k.) daromadlar shakllanishi va bu borada hududlar o‘rtasidagi farqlarning kelib chiqishida hal qiluvchi omillar bo‘lib hisoblanadi. Xususan, aholi jon boshiga umumiy daromad darajasi bo‘yicha respublikada yetakchi bo‘lgan ikki hudud — Navoiy viloyati hamda Toshkent shahri yuqoridagi omillarning ta’siri qay darajada ekanligiga yaqqol misol bo‘la oladi. Biroq, qayd etish joizki, «yangi davr» boshlanishidan oldin mazkur hududlardagi daromadlar darajasi ham boshqa hududlarnikidan sezilarli farq qilmas edi.

Hozirgi kunda umumiy daromadlar darajasi eng yuqori bo‘lgan Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 2021 yilda mos ravishda 30,2 hamda 24,2 mln so‘mni tashkil etgan. Umumiy daromadlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 14,8 mln so‘mni tashkil etgan.

Boshqacha aytganda, o‘rtacha toshkentlik hamda o‘rtacha navoiylik respublikadagi o‘rtacha daromadga ega insondan mos ravishda 2 karra hamda 1,6 karra boyroq hisoblanadi.Toshkent shahrining aholi jon boshiga umumiy daromadlari respublikadagi aholi jon boshiga umumiy daromadlar darajasi eng past bo‘lgan hudud — Farg‘ona viloyatiga nisbatan qariyb 2,8 barobarga yuqori. 2016 yilda Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatining aholi jon boshiga umumiy daromadlari orasidagi farq 2,5 barobarni tashkil etgan.

Guvohi bo‘lganimizdek, daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi farq so‘ngi yillarda oshib bormoqda.


Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Hududlarning umumiy daromadlari tarkibidan mamlakat tashqarisidan kirib kelgan pul o‘tkazmalari chiqarib tashlansa, vaziyat yanada jiddiylashadi. Daromadlari yuqori darajada shakllangan hududlarning umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi daromadlar darajasi past bo‘lgan hududlarnikiga nisbatan karrasiga kamroq. Xususan, 2021 yil holatiga Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi mos ravishda 10,6 foiz hamda 4,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida bu ko‘rsatkich 20 foizdan yuqori. Boshqacha aytganda, umumiy daromadlar tarkibidan xorijdan pul o‘tkazmalarini chiqarib tashlangan taqdirda, xususan, Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyati misolida daromadlar darajasi o‘rtasidagi tafovut 3 barobarga yetadi (pul o‘tkazmalari qo‘shib hisoblanganda farq 2,8 barobar edi).

Muayyan hudud daromadlar darajasi bo‘yicha boshqa hududlardan jiddiy farq qilgan taqdirda, mazkur hududga boshqa hududlarlardan ko‘chib keluvchilar soni keskin oshishi va bu, o‘z navbatida, daromadlar darajasi bo‘yicha mavjud farqni qisqartirishi lozim. Biroq, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ichki migratsiyaga turli cheklovlar mavjud edi. Shu sababli daromadlar darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga aholining ko‘chib o‘tishida faollik kuzatilmagan.

Biroq, 2017 yildan keyin ichki migratsiyaga nisbatan to‘siqlar sezilarli darajada yumshatildi. Bu esa aholining daromad darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga faol ravishda ko‘chib o‘tishiga turtki bo‘ldi. Xususan, 2016 yilda Toshkentga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar soni 18 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 112 ming kishiga yetgan. Guvohi bo‘lganimizdek, so‘nggi yillarda daromad darajasi eng yuqori bo‘lgan hududga boshqa hududlardan doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tganlar (poytaxt hududining kengaytirilganligi ham ta’sir ko‘rsatganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim) soni keskin oshgan. Biroq, bu tendensiyaning daromadlar tengsizligiga sezilarli ta’siri kuzatilmayapti.


Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, daromadlar bo‘yicha hududlararo tafovutlar yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, 2017 yildan keyin sezilarli tezlashgan. Bundan tashqari, hududlar o‘rtasidagi tengsizlikning keskinlashishiga ko‘p hollarda bevosita qaror qabul qiluvchilar ham hissa qo‘shmoqda.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda qaror qabul qiluvchilar tomonidan turli davlat dasturlari — soliq imtiyozlari, subsidiyalar — vositasida nisbatan past daromadli aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga urinishlar yo‘q emas. Biroq, aksariyat hollarda ajratilayotgan subsidiyalar regressiv ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda. Ya’ni dasturlarning manzilliligi va natijadorligi savol ostida bo‘lib, ulardan aynan aholining bunday ko‘rinishdagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, past daromadli qatlami foydalanishi darajasi va ehtimoli turli sabablarga ko‘ra juda pastligicha qolmoqda.

Raqamlarga nazar tashlasak, hududlar kesimida o‘zlashtirilgan soliq imtiyozlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax kabi viloyatlarda mazkur ko‘rsatkich 2 foizga ham yetmaydi. To‘g‘ri, soliq imtiyozlarining katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelishi bu hududda imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari nisbatan ko‘proq ekanligi bilan, kamroq soliq imtiyozlariga ega chiqayotgan hududlarda esa imtiyozlardan foydalanuvchilarning umumiy soni ko‘p emasligi bilan ham izohlanishi mumkin. Biroq, bu soliq to‘lovchilarning mablag‘larini bunday adolatsiz, regressiv va samarasiz sarflash mumkin degani emas.

Qaror qabul qiluvchilar bu singari teskari ishlovchi soliq yoki boshqa imtiyozlardan butunlay voz kechishi optimalroq yechim bo‘lar edi. Shu orqali ular hududlar orasidagi tengsizlikning yanada kuchayishiga kamroq hissa qo‘shishlari mumkin. Hukumat tomonidan qaysidir hududga ko‘proq e’tibor qaratilishi (investitsiyalar kiritilishi, infrastrukturaning rivojlantirilishi va h.k.) yoki turli dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag‘larning aksariyatidan asosan daromad darajasi yuqori bo‘lgan hududlar ko‘proq naf ko‘rayotganligi, aholining past daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga nisbatan qo‘llanilayotgan jazodek gap. Boshqacha aytganda, davlat tomonidan turli ko‘rinishdagi qo‘llab-quvvatlashga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan hududlar amalda mavjud dasturlardan eng kam foydalanadi hamda bu ularning turmush darajasini deyarli o‘zgartirmaydi.

Hududlar o‘rtasida muayyan darajadagi tengsizlik mavjud bo‘lishi tabiiy, biroq ba’zi hududlarda aholining turmush darajasi minimal yashash standartlariga javob bermagan bir vaqtda, boshqa hududlar daromadlarining keskin o‘sishi, ayniqsa, vaziyatning bunday tus olishiga bevosita qaror qabul qiluvchilarning o‘zi sababchi bo‘lib qolayotganligi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Hozirgi holatda qaror qabul qiluvchilar mavjud tendensiyani sekinlashtirish va hatto vaziyatni o‘nglash imkoniyatiga ega. Birinchidan, davlat investitsiyalarni yo‘naltirishda muayyan darajada ta’sir kuchiga ega (tabiiy boyliklarga bog‘liq bo‘lmagan investitsiyalar), shu yo‘l bilan qaror qabul qiluvchilar daromad darajasi past bo‘lgan hududlarning daromadlari nisbatan o‘sishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, infrastrukturaga qaratilgan investitsiyalar faqat daromad darajasi yuqori hududlar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Bu past daromadli hududlarning ham yashash va investitsiyalar kiritish uchun jozibaliroq hududlarga aylanishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bunday choralar hududlar o‘rtasidagi mavjud tengsizlikning qisqarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.