2022 yilning o‘tgan o‘n oyi davomida ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o‘rtasida kuzatilgan yuzdan ortiq mojaro, kelishmovchiliklar tarqalgan. Shundan, 70 foizga yaqin holat tasdig‘ini topmagan. Bu haqda 1 dekabr kuni AOKAda IIV mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan barcha holatda ham ichki ishlar xodimini aybdor, deb bo‘lmaydi.


Foto: AOKA / Hamza Maxsumov

«Bir narsaga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xodimlar va fuqarolar o‘rtasidagi holatlar tizim imijiga hamda xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan ko‘p sonli xodimlarimizning obro‘siga baribir salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. To‘g‘risini aytish kerak, xizmat o‘tash tartibini buzib kelayotgan xodimlarimiz ham bor. Buni inkor qilib bo‘lmaydi, bu bor narsa va haqiqat. Biz har bir holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib boramiz. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hamma holatda ham xodimni aybdor, deb bo‘lmaydi», — dedi u.

Uning qayd etishicha, 2022 yilning yanvar-oktabr oyida 344 ta holatda xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan.

«194 ta holatda 258 nafar fuqaroga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, sud hukmiga ko‘ra, 72 nafari javobgarlikka tortilgan. Bugungi kunda tergov harakatlari ketayotgan holatlar ham mavjud», — dedi IIV vakili.

Tahlillarga ko‘ra, shu yilning o‘n oyida 25 nafar ichki ishlar xodimi: 9 nafari yo‘l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. «Kuni kecha Olmazor tumanida profilaktika inspektori ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida bir necha marta muqaddam sudlangan shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Biz uning oila a’zolariga qanday javob berishni bilmay turibmiz, yechim topolmayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Hamza Maxsumovning aytishicha, xizmat vazifasini bajarish paytida turli darajada tan jarohati olgan ichki ishlar xodimlari va ish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik nafaqa tayinlash tizimi joriy etilgan.

«2022 yilning o‘n oyida tan jarohati olgan 23 nafar xodimlarning o‘zlariga hamda vafot etgan 16 nafar xodimlarning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlandi», — dedi departament boshlig‘i o‘rinbosari.