Hukumatning «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat bilan, transport vositalari haydovchilarining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan mast holatda ekanini aniqlashda narkotester maxsus texnik vositasidan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentratsiyasi miqdorini yoki biologik suyuqlik (so‘lak)da giyohvandlik yoxud psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali o‘tkaziladi.

Narkotester yordamida aniqlangan holatlar bo‘yicha transport vositalari haydovchilariga nisbatan choralar ko‘riladi.

Haydovchi alkotesterda o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda yoxud transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan olingan biologik suyuqlik (so‘lak) narkotester yordamida tekshirib ko‘rilib, uning giyohvand modda iste’mol qilganligi aniqlangan hollarda YPX xodimi transport vositasini boshqarayotgan shaxsning alkogolli ichimliklar, giyohvand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.

Loyiha muhokamasi 15 dekabrga qadar davom etadi.