Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev o‘zining Facebook`dagi sahifasida soliq organlari faoliyati yanada ochiq tarzda yoritib borilishini ma’lum qildi.

«So‘nggi paytlarda soliq organlari soliq ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha katta yo‘lni bosib o‘tdi va bu borada hali ko‘p ishlarni qilishimiz lozim. Shu bilan birga, bugungi kunda soliq organlari jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga olingan ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishga tayyor», — deb yozadi u.

Shu munosabat bilan, DSQ raisi soliq organlari faoliyatiga doir ko‘rsatkichlar bo‘yicha axborotlarni muntazam e’lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yilayotganini ham aytib o‘tdi.

Keltirilishicha, ushbu ma’lumotlar har oyda davriy ravishda e’lon qilib boriladi hamda jamoatchilikka soliq ma’murchiligining strukturasi va dinamikasini ko‘rish, ularning ijobiy va salbiy tendensiyalarini kuzatib borish imkonini beradi.

Mutasaddi vakil 1 dekabrdan boshlab har kuni e’lon qilinadigan axborotlarni kuzatib borishni va soliq ma’murchiligiga doir yangiliklardan xabardor bo‘lishni tavsiya qildi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 5 iyun kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangandi.

Mazkur strategiyani amalga oshirilish natijasida davlat budjetiga qo‘shimcha tushumlar hajmi 20 trln so‘mgacha ortishi reja qilingan.