Publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, 22 noyabr kuni poytaxtdagi Gagarin haykali oldida bir kishilik piket uyushtirgandi. U Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida 15 yoshli bolaning urib o‘ldirilishi sabab piket o‘tkazishga qaror qilganini aytgandi. Uning bu chiqishi o‘nlab mahalliy va xorijiy OAVda yoritilib, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

1 dekabr kuni AOKAda IIV mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Gazeta.uz» muxbiri bloger Shokir Sharipovning o‘tkazgan piketidan vazir Po‘lat Bobojonovning qanchalik xabardorligi haqida so‘radi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov IIV vaziri Po‘lat Bobojonov uning iste’fosini talab qilib, o‘tkazilgan piketdan xabardor ekanligini ta’kidladi.

«Vazirimizning o‘zlari ham ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda kuzatib boradi. Biz vazirimizga bu bo‘yicha [piket o‘tkazilgani haqida] aniq axborot berdik. „Bu odam [bloger Shokir Sharipov] bilan gaplash, nima muammosi bor?“, deb aniq topshiriq berdi. Keyin Avazbek [BBC o‘zbek xizmati muxbiri] bilan bog‘landik. Jurnalistni aniq qanday savollari bo‘lsa, shunga javob beraylik, uchrashaylik, dedik. Chunki u [Shokir Sharipov] bergan intervyusida aniq bir masala ko‘rsatilmagan. Faqatgina matbuot [vazirlik axborot xizmati] haqida gapirilgan. Men xayron bo‘ldim, bu odamni ilgari tanimas ekanmiz. U Kun.uz`ni kolumnisti ekan. Buni menga Avazbek aytdi. Avazbekka bloger biz bilan bog‘lanishini ta’kidladim. U esa bog‘lab berishini aytdi. Lekin shu paytgacha bu odam [Shokir Sharipov] bog‘lanmadi, gaplashmadi, aniq savol ham qo‘ymadi», — dedi G‘iyosov.

Shuningdek, «Gazeta.uz» muxbiri IIV rahbari nima uchun ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazmasligiga ham izoh so‘radi.

«Vazirimiz yilda ikki marta Senatda jamoatchilik oldida hisobot beradi. Bu narsa doimiy ravishda yoritib boriladi. Bundan tashqari, vazirimiz viloyatlarga borganida u yerdagi OAV vakillari savollariga ham javob beradi, ular ham taklif etiladi. Balki bizning aybimiz buni yoritib bera olmayotganimizdir. Men sizni tushundim, takliflaringizni yetkazamiz», — dedi IIV matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, Shokir Sharipov IIV tizimida davom etayotgan muammolar tufayli Ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qilib, piket uyushtirganidan bir hafta o‘tgach, vazirlik matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov har payshanba kuni AOKAda ochiq muloqotni ta’minlash uchun matbuot anjumani o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.