C guruhida ushbu tur oldidan Polsha terma jamoasi 4 ochko bilan peshqadam bo‘lib turgan edi. Shuningdek, Argentina va Saudiya Arabistoni terma jamoalarida 3 tadan, Meksikada esa 1 ochko bor edi. 3-tur doirasidagi Polsha — Argentina bahsida 0:2 hisobida argentinaliklarning qo‘lib baland keldi va guruhda peshqadam bo‘lib olishdi. Guruhda parallel tarzda o‘tkazilgan Saudiya Arabistoni — Meksika bahsida esa 1:2 hisobi qayd etildi.

Natijada Polsha terma jamoasida ham, Meksikada ham 4 tadan ochko to‘plandi, ammo to‘plar nisbati bo‘yicha polshaliklar bir golga oldinda bo‘lganliklari uchun, keyingi bosqichga Polsha terma jamoasi yo‘l oldi. Saudiya Arabistoni va Meksika terma jamoasi esa JCH-2022 musobaqasi bilan xayrlashadi.

Polsha — Argentina 0:2

Ushbu turdagi ko‘pchilikni qiziqtirgan «Argentina pley-offga chiqadimi?» degan savolga argentinaliklar o‘z o‘yini bilan ajoyib javob qaytarishdi. Polsha — Argentina bahsi «974» stadionida, 44 089 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha ham, zarbalar, paslar, umuman deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Argentina terma jamoasi peshqadam bo‘ldi.


Uchrashuvning 37-daqiqasida Polsha darvozasi tomon penalti belgilandi. Ammo Messi Voysex Shensni qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qila olmadi. Ushbu bahsda o‘zi Shensni Polsha terma jamoasini juda ko‘p vaziyatlarda qutqardi. Ehtimol, Polsha durangga erisha olganida, aynan u uchrashuvning eng zo‘r futbolchisi bo‘larmidi.

2-taymning ilk daqiqalarida Argentina terma jamoasi hisobni ochdi. Golni Mak Allister kiritdi — 0:1. Bu safar Shensni qutqara olmadi. Butun o‘yin davomida Argentina terma jamoasi Polsha darvozasi tomon jami 12 ta aniq zarba yo‘lladi. Voysex Shensni 9 marta (!) seyv amalga oshirdi.


Uchrashuvning 67-daqiqasida hisob 0:2 ko‘rinishiga keldi. Fernandes uzatgan to‘pni Alvares qoyilmaqom tarzda darvozaga joylab qo‘ydi — 0:2.

O‘yinning eng qiziq tomoni, parallel tarzda o‘tayotgan uchrashuvda ham 0:2 hisobi qayd etilmoqda. 70-daqiqa holatiga ko‘ra, Polsha va Meksikada ochkolar soni ham, urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar soni ham teng bo‘lib turibdi. Ushbu jamoalarning o‘zaro uchrashuviga qaraymiz: 0:0 qayd etilgan. Demak, agar shu hisob saqlanib qolinadigan bo‘lsa, hammasini feyr-pley qoidalari hal qiladi. Unga ko‘ra, keyingi bosqichga eng kam sariq va qizil kartochka olgan jamoa yo‘l oladi.


Biroq, ikkala uchrashuvning ham tugashiga hali vaqt bor. Meksika gol urib qo‘yishi yoki Polsha o‘tkazib yuborishi, yoki umuman, polshaliklar gol kiritishi, Meksika o‘tkazib yuborishi ham mumkin.

Qolgan daqiqalarda Polsha — Argentina uchrashuvida 0:2 hisobi saqlanib qoldi. Argentinaliklar uchinchi golni urishga bir necha bor yaqin kelishdi. Hakam tomonidan o‘yinga 6 daqiqa qo‘shib berildi. Maydondagi muxlislar ham ikkala o‘yinning natijasini kuzatishmoqda. Polsha — Argentina bahsi 0:2 hisobi bilan yakunlandi. Endi hammasi davom etayotgan Saudiya Arabistoni — Meksika uchrashuviga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

95-daqiqada Saudiya Arabistoni Meksika darvozasini ishg‘ol qildi — 1:2! Polshaliklar buni huddi o‘zlari gol kiritgandek nishonlashmoqda. Polsha terma jamoasi guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan holda pley-offga yo‘l olmoqda.

Pley-off bosqichida Argentina terma jamoasi Avstraliya (C guruhi, 2-o‘rin) bilan, Polsha esa Fransiya (C guruhi, 1-o‘rin) bilan to‘qnash keladi.

Saudiya Arabistoni — Meksika 1:2

Saudiya Arabistoni — Meksika bahsida ko‘pchilik Saudiya Arabistonidan g‘alaba ham kutgan edi. Biroq, o‘yin tizginini meksikaliklar o‘z qo‘liga oldi va hattoki pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin edi. Biroq jamoaga ozgina omad yetishmadi.

Ushbu bahs «Lusail» stadionida bo‘lib o‘tdi va uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 84 985 nafar muxlis yig‘ildi. Uchrashuvda Meksika terma jamoasi yaqqol peshqadam bo‘ldi: to‘pga egalik qilish bo‘yicha 40% ga 60%, aniq zarbalar bo‘yicha hisob — 2:11. Saudiya Arabistoni darvozaboni o‘yin davomida 8 ta seyv amalga oshirdi.


Ushbu o‘yinning ham 1-taymi golsiz o‘tdi. Biroq 2-taym boshlanishi bilan, aniqrog‘i 47-daqiqadayoq hisob o‘zgardi — 0:1. Ikkala o‘yinda ham bir xil daqiqada gol urildi. Pley-off uchun kurashayotgan jamoalar xuddi bir-birini his qilishayotgandek. 53-daqiqada Meksika terma jamoasi 2-golni kiritdi va jamoa pley-offga juda yaqin kelmoqda. Faqat to‘plar nisbatidagi tenglik va sariq kartochkalar bo‘yicha Meksikaning biroz oldinda ekanligi bunga halaqit bermoqda. Demak meksikaliklarga yana bitta gol kerak.


56-daqiqada bir zum Lozano gol kiritgandek ko‘rindi, ammo o‘yindan tashqari holat qayd etilmoqda. Hisob o‘zgarmadi — 0:2. 87-daqiqada ham bitta gol ofsayd holati sababli bekor qilindi. Antuna o‘yindan tashqari holatda qolib ketgan ekan. Meksikaliklar uchinchi golni urish uchun butun jamoa bo‘lib harakat qilishmoqda. Hakam 2-taymga 7 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Va… 95-daqiqada Meksika terma jamoasi gol o‘tkazib yubormoqda. Al-Dovsariy Ochoaning darvozasini ishg‘ol qilmoqda! Hisob 1:2. Agar ushbu hisob saqlanib qolsa, pley-offga Polsha terma jamoasi yo‘l oladi. Meksikaliklar uchun hali imkon bor, keyingi bosqichga chiqish uchun 1:3 hisobi ham yetarli. Buning uchun gol urish kerak. Biroq ushbu dramatik uchrashuda Meksika terma jamoasi uchinchi golni kirita olmadi va musobaqani shu yerda tark etishmoqda.

Saudiya Arabistoni JCH-2022`ni qoyilmaqom tarzda boshlab, guruhda 4-o‘rinni egallagan holda musobaqani tark etishmoqda. Meksika terma jamoasi esa guruhda 3-o‘rinnni egalladi. Pley-offga Argentina (1-o‘rin) va Polsha terma jamoasi yo‘l oldi.