Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim sud protsesslarida prokurorlar tortishuvchanlikni ta’minlamayotgani, bu harakat amalda yo‘q ekanini tasdiqlab, ularni tanqid qildi. Bu haqda u 26 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Sudyalari assotsiatsiyasining VI s’ezdida aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, haqiqiy tortishuvchanlik prinsipi hozir ta’minlanmayapti. Oxirgi paytlarda himoyachilar faollashdi. Ular har qanday ishga tayyorgarlik bilan kelib, sud protsesslarda kerak bo‘lsa, sudyalarni ham noqulay vaziyatlarga solib qo‘yishga ham harakatlar bo‘lyapti.

«Lekin prokuror protsessga kelmasa, biz bugun protsessni boshqa kunga qoldirishga majburmiz, uni o‘tkaza olmaymiz. Shunda odamlar kimdan norozi? Suddan norozi. Hech kim prokuror kelmagani uchun ish qoldirilganini tushunmaydi. „Sud bizni sarson qildi. Bizni chaqirib protsessni boshlamadi, ko‘rmadi“ deb aytyapti», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, u oxirgi vaqtlarda prokurorlar hech qanaqa tayyorgarliksiz kelib, [ishga taalluqli hujjatlarni] o‘sha yerdan o‘qib berayotganini tanqid qildi.

«Prokurorlar oxirgi vaqtida qo‘ltig‘iga shu NPni beramiz, oddiy so‘z bilan aytganda, hech qanaqa tayyorgarliksiz kelib, o‘sha yerdan o‘qib [beryapti]. O‘sha yerda biror faol savol-javob yo‘q ayblov nuqtai nazaridan. Faqat advokat gapiradi. Prokurorning faolligi yo‘qligi sababli, sudyalarimiz ayblov nuqtai nazaridan savol-javobga kirib ketishga majbur bo‘lyapti. Nimaga olib kelyapti bu narsa? Buning hammasi odamlarning, ayniqsa himoya tarafning haqli e’tirozlariga olib kelyapti. Sudyaning xolisligiga shubha paydo bo‘lyapti. Aslida bunday bo‘lishi mumkin emasku», — dedi Oliy sud raisi.

Eslatib o‘tamiz, avval prezident maslahatchisi bo‘lgan Baxtiyor Islomov avgust oyida O‘zbekiston Oliy sudi raisi etib saylangandi.