O‘zbekistonda qishning birinchi oyi nisbatan sovuq havo bilan boshlanadi. O‘zgidromet 2022 yilning so‘nggi dekabr oyida qanday ob-havo kuzatilishi haqidagi prognozlarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1 dekabrdan haroratning pasayishi boshlanadi va 3−5 dekabrga kelib respublika hududining katta qismida termometr ustuni kechalari −4…−7, kunduz kunlari 0…+3 darajagacha, ba’zi joylarda −1…−2, shimolda kechalari −10…−13 daraja, kunduz kunlari −4…−7 darajagacha pasayadi.

Hatto respublikaning eng janubiy qismida ham sovuq bo‘ladi, harorat kechalari 0…-2, kunduz kunlari +3…+6 darajagacha tushadi.

Sovuq ob-havo dekabr oyining birinchi o‘n kunligi oxirigacha saqlanib turadi.

Respublika bo‘yicha 5 dekabrgacha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 5−10 dekabr kunlari davrida respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlari bo‘yicha ayrim kunlarda qor yog‘ishi mumkin.

Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan fonda havo harorati kechalari +2…+7 daraja iliqdan −2…−7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +10…+15 darajadan −2…+3 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

O‘tgan 2021 yilning dekabr oyi oxirgi 20 yil ichida eng iliq yil bo‘lgandi. Ushbu davr uchun 2002, 2011 va 2020 yillarning dekabr oylari esa eng sovuq bo‘ldi.

Toshkentda so‘nggi 20 yil ichida dekabr oyidagi eng iliq kunlarda havo harorati +20…+30 darajagacha ko‘tarilgan, eng sovuq davrlarda esa harorat kechalari −12…−15 daraja sovuq bo‘lgan.

Meteorologik kuzatuvlarning barcha davrlari (150 yildan ko‘p) uchun Toshkentda eng past harorat −20…−23 darajani tashkil etgan, 1930 yilning dekabr oyida esa −27…−29 darajagacha sovuq tushgandi.