30 noyabr kuni D guruhidan joy olgan 3-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Tunis — Fransiya bahsida kutilmaganda tunisliklar 1:0 hisobida g‘alabaga erishishdi. O‘yindan oldin Tunisda 1 ochko bor edi. Umuman guruhda barcha jamoada pley-offga chiqish imkoni bo‘lsa-da, bunday imkoniyat Avstraliyada yahshiroq edi. Chunki ular 2-turda Tunisni mag‘lub etib 3 ochko ishlab olishgan edi. 3-turda Daniyani ham 1:0 hisobida yenggach, keyingi bosqichga avvaldan 6 ochko yig‘ib qo‘ygan Fransiya terma jamoasi va avstraliyaliklar yo‘l olishdi.

Tunis — Fransiya 1:0

Tunis — Fransiya uchrashuvi Education City stadionida 43 627 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda ikkala jamoa ham bir-birining darvozasiga 3 tadan aniq zarba yo‘llashdi.

Tunisliklar 8-daqiqadayoq gol kiritishgan edi, biroq o‘yinda ofsayd holati qayd etildi. Shu bilan birinchi taymda gol sodir bo‘lmadi. Fransiya terma jamoasi o‘zining eng yomon o‘yinini o‘tkazdi va 58-daqiqada o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Golni Fransiyaning «Monpele» jamoasi hujumchisi Xazri kiritdi — 1:0, Tunis oldinda.


73-daqiqada Antuan Grizman zahiradan o‘yinga tushdi. Ikkinchi taym oxirida hakam o‘yinga 8 daqiqa vaqt qo‘shib bergach, Grizmann 98-daqiqada Tunis darvozasini ishg‘ol qildi. Sal o‘tib hakam o‘yinni yakunlovchi xushtagini chaldi. Ammo keyin hakamga VAR hakamlari murojaat qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Grizmann goldan oldin o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan. Gol bekor qilindi. Hisob 1:0 ligicha qoldi.


Tunis terma jamoasi g‘alaba qozongan bir paytda, parallel tarzda o‘tkazilayotgan uchrashuvda Avstraliya Daniya ustidan g‘alaba qozondi. Demak, Tunisda 4 ochko, Avstraliyada 6 ochko. Avstraliya pley-offga yo‘l oladi, Tunis esa guruhda 3-o‘rinni egallagan holda JCH`ni guruh bosqichida yakunlaydi.

Fransiya terma jamoasida to‘plar nisbati yaxshi bo‘lgani sababli, 1-o‘rinni egallamoqda. Fransuzlar pley-offda C guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa bilan to‘qnash kelishadi. Guruhda kim 2-o‘rinni olishi esa Polsha — Argentina hamda Saudiya Arabistoni — Meksika bahslaridan keyin hal bo‘ladi.

Avstraliya — Daniya 1:0

Avstraliya — Daniya bahsi boshlanishidan oldin Avstraliya 3 ochkoga, Daniya esa 1 ochkoga ega edi. Demak pley-offga chiqish uchun daniyaliklarda ham imkoniyat bor edi. Bahsda Avstraliya terma jamoasi 4 ta, Daniya 3 ta aniq zarba yo‘llashgan.

Ushbu uchrashuv «Al-Janub» stadionida bo‘lib o‘tdi va uni tomosha qilish uchun 41 232 nafar muxlis tashrif buyurishgan.

1-taymda gol ko‘rmadik, jamoalar darvozaga yo‘l topa olishmadi. O‘yinning 61-daqiqasida Lekki Avstraliyani hisobda oldinga olib chiqdi — 1:0! Shmeyxel bu safar zarbani qaytara olmadi.


Ayni gol kiritilishidan 2 daqiqa oldin Tunis va Fransiya qarama-qarshiligida tunisliklar gol kiritishdi. Demak, endi durang Avstraliya uchun ham, Daniya uchun ham qulay emas. Daniya pley-offga chiqish uchun 2 gol urishi kerak. Astraliya esa ushbu hisobni saqlay olsa yetarli.

Hakam 2-taymga 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Ammo hisob 1:0 ligicha saqlanib qoldi. Avstraliya terma jamoasi o‘z maqsadiga erishdi.

Avstraliya D guruhida 2-o‘rinni egallamoqda. Demak, avstraliyaliklar pley-off bosqichida C guruhi peshqadami bilan to‘qnash kelishadi. Bu hatto Argentina bo‘lib qolishi ham mumkin. Yoki Saudiya Arabistoni… Yoki Polsha. Kuzatamiz.