Samarqand viloyati DXX va IIB xodimlari hamkorligida noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurash yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroni $25 mingga AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, 1994 yilda tug‘ilgan Samarqand shahrida yashovchi X. S. fuqaroning ishonchiga kirib, uni Meksika orqali AQShga yuborishi evaziga 25 ming AQSh dollar so‘ragan.

U hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 10 ming AQSh dollarini olayotganda ushlandi.

Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.