Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan 30 noyabr kuni qaynonalar forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Poytaxtdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida o‘tkazilgan tadbirda bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, jamoatchilik vakillari, qaynonalar, olima, yurist va professor ayollar hamda mahallalar faollari qatnashgan.


Foto: Telegram / context.uz

Tadbirda ishtirok etgan psixolog Shoira Isaqovaning aytishicha, forumda bir qancha muhim masalalar muhokama qilingan, takliflar ilgari surilgan.

«Qaynonalarning ibratlisi ham, oilasida muammosi bori ham qatnashdi. Forumni tashkil etishdan maqsad shuki, oilalarni mustahkamlashda qaynonalar roli va o‘rnini oshirish, ularni yosh oilalar aralashuviga chek qo‘yish hamda zavonaviy qaynonalar safini kengaytirishdir», — dedi u.


Foto: Telegram / context.uz

Uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda zamon ham, oila talablari ham o‘zgarib bormoqda. Hozir eskicha qarashlar bilan yashash davri emas.

«Zamonaviy qaynona bo‘lish talablari ham o‘zgarmoqda. Shuning uchun qaynonalarning ham fikrlari va qarashlari o‘zgarishi kerak», — dedi Shoira Isaqova.


Foto: Telegram / context.uz

Psixologning qayd etishicha, forum uchun davlat budjetidan mablag‘ sarflanmagan.

«Ishtirokchilar 30 noyabr sanasini Qaynonalar kuni deb e’lon qilinishini taklif berdik», — dedi u.