28 noyabr kuni prezident «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi [O‘RQ-803 sonli] qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, ko‘chmas mulkning quyidagi turlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladi:

  • yer uchastkalariga;
  • binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlarga;
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarga;
  • mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim:

  • mulk huquqi;
  • ️doimiy egalik qilish huquqi;
  • ️doimiy foydalanish huquqi;
  • ️meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
  • ️ijara huquqi;
  • ️ikkilamchi ijara huquqi;
  • ️xo‘jalik yuritish huquqi;
  • ️operativ boshqarish huquqi;
  • ️ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;
  • ️bepul foydalanish huquqi;
  • ️renta;
  • ️ipoteka;
  • ️servitut;
  • ️ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga qo‘yilgan cheklovlar.

Binolar, inshootlar hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarga bo‘lgan huquqlar ular joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ro‘yxatga olinadi.

Shuningdek, ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildini shakllantirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • yer uchastkalarining belgilanganligi (realizatsiya qilinganligi);
  • ️binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
  • ️belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obyektning mavjudligi;
  • ️ko‘chmas mulkning bo‘linganligi;
  • ️ko‘chmas mulkning birlashtirilganligi.

Davlat reyestri ko‘chmas mulk, unga bo‘lgan huquqlar, shuningdek huquq egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi tarzdagi tizimlashtirilgan ma’lumotlar to‘plamidan iborat.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz. 2019 yil 5 aprel kuni «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, 2019 yil 1 sentabrdan Toshkent shahridagi, 2020 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlaridagi ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga (Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan) faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.