G guruhidan joy olgan Braziliya — Shveysariya bahsida «pentakampeonlar» minimal hisobda g‘alabaga erishishdi. H guruhidagi Portugaliya — Urugvay qarama-qarshiligida esa portugallar 2:0 hisobida «selesta»ni mag‘lub etdi. G‘olib bo‘lgan ikkala terma jamoa ham 2 tur ichida 6 ochko jamg‘arib, guruhdan chiqish masalasini oldindan hal qilib qo‘yishdi.

Braziliya — Shveysariya 1:0

Braziliya — Shveysariya uchrashuvi Dohadagi «974» stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinni tomosha qilish uchun stadionga 43 649 nafar muxlis tashrif buyurdi. 1-turda braziliyaliklar Serbiya terma jamoasini, Shveysariya esa Kamerun terma jamoasini mag‘lub etgan edi.

Ushbu ikki terma jamoa o‘rtasidagi bahsda yo‘llangan zarbalar bo‘yicha Braziliya peshqadam bo‘ldi — 8:2. Shveysariya terma jamoasi Braziliya darvozasiga birorta ham aniq zarba yo‘llay olmadi. Braziliyada esa aniq zarbalar soni 5 ta bo‘ldi. Shveysariya darvozaboni o‘yin davomida 4 ta seyv amalga oshirdi.


1-taymda darvozabon Yann Zommer o‘z jamoasini bir necha bor qutqardi. Ayniqsa, 27-daqiqada Vinisiusda gol kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat bor edi, biroq Zommer o‘zining seyvini amalga oshirdi. 1-taymning oxirida, 44-daqiqada stadionda chiroq o‘chdi, ko‘p emas, atigi 8 soniyaga. Juda qiziq holat. Bu o‘yinga ta’sir qilmadi, uzilishlar bo‘lmadi. Ammo 1-taym 0:0 hisobi bilan yakunlandi.

O‘yinning 64-daqiqasida Vinisius o‘yinda hisobni ochgan edi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tgach, hakam golni bekor qildi — yana VAR, yana o‘yindan tashqari holat. Zamonaviy futbolda o‘yinchilar goldan keyin uni nishonlashga ham qo‘rqadigan bo‘lishgan. Juda ko‘p holatlarda VAR tizimi golni bekor qilayotganligini ko‘rmoqdamiz.

Ammo Braziliya terma jamoasi oxir-oqibat o‘z maqsadiga erishdi. 83-daqiqada Kazemiro Shveysariya darvozasini ishg‘ol qilib, uchrashuvdagi yagona gol muallifiga aylandi. Hisob — 1:0.


Hakam o‘yinga 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi, ammo ushbu daqiqalarda hech narsa o‘zgarmadi. Braziliya o‘z ochkolari soni 6 taga yetkazib oldi va pley-off masalasini hal qildi. G guruhida ayni damda Braziliyadan keyingi o‘rinlarni Shveysariya (3 ochko), Kamerun (1 ochko), Serbiya (1 ochko) egallab turibdi.

3-turda Shveysariya terma jamoasi Serbiya bilan to‘qnash keladi. Braziliya esa Kamerun bilan kuch sinashadi.

Portugaliya — Urugvay 2:0

Portugaliya — Urugvay uchrashuvi Lusail shahrida ushbu nom ostidagi stadionda, 88 668 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. 1-turda Gana terma jamoasini yenggan Portugaliya bu gal Urugvay terma jamoasi sinovidan o‘tdi. Urugvayliklar o‘tgan turda Koreya terma jamoasi bilan nursiz durang qayd etgan edi. Ushbu bahsda qaysidir jamoani yaqqol peshqadam bo‘ldi deyish qiyin. Biroq, aynan portugaliyaliklar vaziyatlardan unumdi foydalana olishdi.

Uyin davomida jamoalar 18 marta zarba berishdi, bu borada hisob — 9:9. Aniq zarbalar bo‘yicha ham kuchlar teng — 3:3.

1-taymda gol sobir bo‘lmadi, jamoalar teng kuchdagi o‘yinni namoyish etishdi. 55-daqiqada Portugaliya terma jamoasi hisobda oldinga chiqib oldi — 1:0. Gol urilgan vaziyatda juda qiziq holat yuz berdi. Brunu Fernandesh to‘pni havolatib darvozaga yo‘lladi (boshida jarima maydonchasi ichiga yuborilgan uzatmadek ko‘rindi), jarima maydonchasi ichiga yugurib kirgan Krishtianu Ronaldu to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘naltirmoqchi bo‘ldi, shunday qildim deb o‘yladi ham — gol! Krishtianu Ronaldu golni nishonlamoqda. Aslida golni Fernandesh kiritdimi, Ronaldu kiritdimi, biroz tushunarsiz. Takror ko‘rsatilgan kadrlarda esa to‘p Ronalduning boshiga tegmaganini ko‘rish mumkin. Ammo bu yerda Ronalduning ham hissasi katta — u Urugvay darvozabonini chalg‘itdi. Portugaliyaliklar 1:0 hisobida oldinga chiqib olishdi.


Birozdan so‘ng ushbu to‘p Brunu Fernandeshning hisobiga yozib qo‘yildi.

O‘yinning 90-daqiqasida urugvaylik futbolchi jarima maydonchasi ichida qo‘li bilan o‘ynadi. Aniqrog‘i Brunu Fernandesh jarima maydonchasi ichiga kirayotib, to‘pni himoyachining oyoqlari orasidan o‘tkazib yubormoqchi bo‘ldi, himoyachi esa muvozanatni yo‘qotib, qo‘li bilan maydonga qulayotganida to‘pni qo‘lib bilan to‘xtatib qo‘yadi. Hakam ushbu vaziyat kadrlarini shaxsan o‘zi ko‘rib chiqdi va Urugvay darvozasi tomon penalti belgiladi. Zarbani Brunu Fernandeshning o‘zi amalga oshiradi. Ronaldu biroz oldin zahiraga olingan edi. Va Fernandesh ushbu bahsdagi ikkinchi golini kiritmoqda — dubl! Hisob — 2:0.


Penaltir amalga oshirilguniga qadar 93-daqiqa boshlanib bo‘lgan edi, hakam ayni damda o‘yinga 9 daqiqa vaqt qo‘shganini e’lon qildi. O‘yinda 2:0 hisobi saqlanib qolindi. Portugaliya 6 ochko jamg‘arib, guruh bosqichidan chiqdi. H guruhidan joy olgan Gana terma jamoasida ayni damda 3 ochko mavjud, Koreya Respublikasi hamda Urugvayda esa 1 ochkodan bor.

3-turda Portugaliya terma jamoasi Koreya Respublikasi bilan bahs olib boradi, Urugvay esa Gana bilan kurashadi.