Tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangiariq tumanida IIB xodimi xizmat quroli bilan o‘zini otib, joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yangiariq tuman IIB tashkiliy bo‘linma navbatchilik qismi navbatchi yordamchisi 1985 yilda tug‘ilgan U.R. 26 noyabr kuni soat 08.50 larda tuman IIB binosining navbatchilik qismi xonasining maxsus vositalarni saqlash xonasida navbatchi R.Yu.ga biriktirilgan «PM» pistoleti bilan o‘zini-o‘zi qorin va bosh qismiga otgan.

So‘ng U.R. Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasi olib kelingan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, xodimning o‘limiga olgan tan jarohati oqibatida yuzaga kelgan ichki va tashqi qon ketish sabab bo‘lgan.

«U.R.ning o‘z joniga qasd qilishiga oilaviy kelishmovchilik, xususan turmush o‘rtog‘i Z.B. ikki oy oldin farzandlarini olib otasining uyiga ketgani oqibatida kelib chiqqan ruhiy siqilish sabab bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan ekspertiza ishlari tayinlandi. Yangiariq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruvning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.