28 noyabr kuni Buxoro viloyati sudida 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. «Gazeta.uz» muxbiri sud majlisining OAV vakillari uchun ajratilgan qismida ishtirok etdi. Sud oldidan Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov sudlanuvchilar qaysi moddalar bo‘yicha ayblanayotganini so‘zlab berdi.

Dastavval qoraqalpog‘istonlik sudya Yelubay Abibullayev ish qatnashchilariga qonunchilik bo‘yicha tartibni tushuntirib o‘tdi. Shundan so‘ng, sudlanuvchilarning shaxsiga oydinlik kiritishga o‘tildi. Avvaliga mazkur ishdagi asosiy gumonlanuvchilar Dauletmurat Tajimuratov, Azamat Turdanov va Lolagul Qallixanovaning shaxsi aniqlanib oldi. Muhokamalar jarayoni qoraqalpoq tilida olib borildi.

Ayblanayotganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Polat Shamshetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat universiteti o‘qituvchisi Razbek Bekmuratov, Mo‘ynoq tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi, bloger Azamat Nuratdinov, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori Azamat Turdanovlar ham bor.


Foto: Oliy sud.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Nukus shahridagi tartibsizliklar natijasida 6 mlrd 681 mln 247 ming 508 so‘m moddiy zarar yetkazilgani aytildi.

Tush vaqtiga yaqin tomonlarning e’tiroz hamda iltimoslari sababli sudyalar maslahatlashuvga kirib chiqishdi. Xususan, Dauletmurat Tajimuratov o‘zining hibsga olinishini noqonuniy deb bilishini aytdi. Shuningdek, u suddan qo‘shimcha guvohlarni olib kelishni so‘radi. Sud bu talabni qondirdi. Asosiy guvohlar gapirgandan keyin ular so‘roq qilinadi.

Sud uning Qur’oni Karimni keltirish bo‘yicha so‘roviga «bu kabi yuridik mexanizm qonunchilikda mavjud emas»ligi bois rad javobini berdi.

Maslahatlashuvlar vaqtida esa gumondorlar o‘z yaqinlari, oila a’zolari bilan navbatma-navbat qisqa suhbatlar o‘tkazdi. Biroq, sudda barcha sudlanuvchilarning yaqinlari ham ishtirok etmadi.

Undan so‘ng sudya Yebulay Abibullayev iltimos va e’tirozlarni ko‘rib chiqqach, sud jarayonining asosiy qismiga o‘tilishini ma’lum qildi. Shunga ko‘ra, sud ishida soat 14:00 gacha tanaffus e’lon qilindi. Sud ishi tushlikdan so‘ng, o‘z ishini davom ettirdi.

Prokuratura o‘z ayblovini o‘qib eshittirdi. Unga muvofiq, Dauletmurat Tajimuratov, uning sheriklari Azamat Turdanov, Lolagul Qallixanova va boshqalar O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgan. Shu jumladan, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgartirilishiga qarshiliklarini bildirib, internet tarmoqlarida keng tarqatgani va aholini shunga targ‘ib qilgani, uning ortidan namoyishlar boshlanib ketgani aytildi.