O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makeyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Vazirlik Vladimir Makeyning bevaqt vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganini ta’kidlab, uning mohir va tajribali diplomat, o‘z sohasining ustasi va Belarusning haqiqiy vatanparvar insoni bo‘lganini qayd etdi.

«Uning ko‘p qirrali O‘zbekiston — Belarus munosabatlarini rivojlantirishga bo‘lgan samimiy intilishi alohida e’tiborga molik. Ayniqsa, so‘nggi yillarda u ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Vladimir Makey o‘zidan ijobiy va yorqin xotiralar qoldirdi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik uning hamkasblari, yaqinlari va do‘stlariga dalda so‘zlarini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida, Vladimir Makey 27 noyabr kuni noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etdi. U 1958 yilda tug‘ilgan, 2012 yilning avgustidan buyon mamlakat tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilib kelgan. Ungacha 2008 yildan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma’muriyatiga rahbarlik qilgan. 2000 yildan 2008 yilga qadar Lukashenkoning yordamchisi bo‘lgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Belarus tashqi ishlar vaziri bilan so‘nggi marta Samarqandda 14 sentabr kuni uchrashgandi.