1−2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlanayotgan 22 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqiladi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, ochiq sud muhokamalari 28 noyabr kuni Buxoro viloyati sudida boshlanadi.

«Gazeta.uz» mazkur sud jarayonlarini yoritib boradi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ye. Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqiladi.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, quyidagi sudlanuvchilar ayblanmoqda:

  • Dauletmurat Tajimuratov;
  • Lolagul Kallixanova;
  • Azamat Turdanov;
  • A. Smetullayev;
  • D. Djiyemuratov;
  • B. Kadirbergenov;
  • B. Seytniyazov;
  • A. Toqimbetov;
  • Q. Seytimov;
  • A. Nuratdinov;
  • S. Medetov;
  • N. Nayipov;
  • P. Shamshetov;
  • R. Bekmuratov;
  • S. Kaipov;
  • B. Genjebayev;
  • S. Kalilayev;
  • P. Nurniyazov;
  • S. Kalimov;
  • N. Sultamuratov;
  • A. Temirxanov;
  • A. Adilbekov.

Ularga Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

  • 28-modda. Jinoyat ishtirokchilarining turlari moddasi orqali 104-modda. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish;
  • 104-modda. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish;
  • 159-modda. O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish;
  • 164-modda. Bosqinchilik;
  • 167-modda. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
  • 227-modda. Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish;
  • 243-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish;
  • 244-modda. Ommaviy tartibsizliklar;
  • 244−1-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
  • 247-modda. O‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash;
  • 277-modda. Bezorilik.

20 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 1 nafariga «uy qamog‘i» va 1 nafariga «jamoa kafilligi» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilib, OAVlar vakillari va blogerlar uchun sud majlislarini videokonferensaloqa vositasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga mo‘ljallangan hamda barcha texnik sharoitlar yaratilgan matbuot zali tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 iyulda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan ommaviy namoyishlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (Hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov doirasida 14 nafar shaxsning hibsga olinganini ma’lum qilgandi.

O‘shanda advokat va jurnalist Dauletmurat Tajimuratovga ayblov e’lon qilingani, jurnalist Lolagul Qallixanova gumonlanuvchi sifatida jalb etilgani aytilgandi.