Toshkent shahri Mirobod tumanida «Turonbank» bankomatlaridan qaytgan mablag‘larni talon-toroj qilgan bank xodimlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan «Turonbank» ATBning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu bank xizmatlari markazi kassa amaliyotlari bo‘limi kassiri J.D. va boshqa mas’ul shaxslari bank xizmatlari markaziga qarashli 10 dona bankomatdan qaytgan mablag‘larni tegishli tartibda kirim qilmagan. Soxta ma’lumotlar tuzish orqali jami 347,5 mln so‘m va 7600 dollarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyning Navbahor tumanidagi «Turonbank» xodimlari bankomatga kirim qilish uchun ajratilgan mablag‘ning qariyb 100 mln so‘mini o‘zlashtirgani xabar qilingandi.