20 noyabr kuni Qatarning Al-Xaur shahrida futbol bo‘yicha 2022 yilgi Jahon chempionatining ochilish marosimi va dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tarixda 22-marta bo‘lib o‘tayotgan ushbu chempionatning ilk uchrashuvida mezbon mamlakat — Qatar A guruhidagi raqiblaridan biri Ekvador terma jamosi bilan o‘ynadi. Guruh bosqichi 1-turining birinchi uchrashuvi mezbonlarning mag‘buliyati bilan yakunlandi.

Ochilish marosimi

JCH-2022 ochilish marosimi va ilk uchrashuv: Qatar — Ekvador o‘yini «Al-Bayt» stadionida 67 372 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. Ushbu stadion an’anaviy badaviylar chodiriga o‘xshatib qurilgan bo‘lib, bunday chodirlar Qatarning hamda mamlakat mehmondo‘stligining ramzlaridan biridir.

«Al-Bayt» stadioni.

Chempionatning ochilish marosimi deyarli 30 daqiqa davom etdi va unda akter Morgan Frimen, BTS guruhi va shu kabi boshqa yulduzlar ko‘rinish berishdi.

Ochilish marosimining birinchi epizodida Gollivud aktyori Morgan Frimen mahalliy jamoat arbobi, Paralimpiya sportchisi bilan suhbat qurdi. Ular bu jahon chempionati butun dunyo uchun ochiq ekanligi va barchamizni birlashtiruvchi hissiyotlar haqida so‘zlashishdi.


Keyin navbat maskotlar paradiga berildi. Ya’ni shu paytgacha bo‘lib o‘tgan barcha jahon chempionatlari ramzlari maydon o‘rtasida gavdalantirildi va qaytadan tanishtirildi.

Ochilish marosimi koreys hamda arab qo‘shiqchilari ishtirokidagi konsert bilan davom ettirildi.

Ochilish marosimidan lavhalar / Reuters.

Qatar — Ekvador 0:2

O‘yin davomida Qatar terma jamosi raqiblarining darvozasiga nafaqat yo‘l topa olmadi, balki darvozaga birorta aniq zarba ham yo‘llay olmadi. O‘yinning ilk daqiqalaridayoq Ekvador terma jamoasi Qatar darvozasiga gol kiritdi, ammo VAR tizimi orqali vaziyat tekshirilgach, Ekvador futbolchilaridan biri o‘yindan tashqari holatda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi va gol bekor qilindi.


Biroq, ko‘p o‘tmay Ekvador terma jamoasi o‘zining o‘tkir hujumlaridan birida oxir-oqibat o‘z maqsadiga erishdi. Navbatdagi xujumda Qatar darvozaboni jarima maydonchasi ichiga kirib borgan hujumchiga nisbatan qo‘pollik ishlatdi va mezbonlar darvozasiga qarata penalti belgilandi. «Fenerbaxche» futbol klubi hujumchisi Enner Valensiya penaltini a’lo darajada bajarib, Ekvadorni oldinga olib chiqdi.

Uchrashuvdagi ikkinchi gol ham birinchi taymda ro‘y berdi. Ushbu golga ham ekvadorlik sermahsul hujumchi Enner Valensiya mualliflik qildi. U jarima maydonchasi ichiga qanotdan yo‘llangan to‘pni darvozaning chekkasiga yo‘naltirdi. Qatar darvozaboni ushbu zarbani qaytarish uchun ojizlik qildi. Shu bilan o‘yinning 31-daqiqasidayoq hisob 0:2 ko‘rinishga keldi. Ushbu hisob o‘yinning oxirigacha saqlanib qoldi.

Bu jahon chempionatiga mezbonlik qilgan mamlakatlarning ilk uchrashuvlari orasidagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. Bungacha bo‘lib o‘tgan 21 ta JCHda mezbonlar 16 tasida g‘alabaga, 6 tasida durangga erishishgan (2002 yilgi Jahon chempionati ikkita mamlakatda: Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan edi).

Ma’lumot uchun, A guruhining 2-turi doirasida 25 noyabr kuni Qatar Senegal bilan, Ekvador esa Niderlandiya bilan o‘ynaydi.