21 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da JCH-2022'ning B guruhidan joy olgan Angliya va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga start berildi. Garchi futbol ixlosmandlari Erondan jiddiy qarshilik kutgan bo‘lsa-da, ushbu uchrashuv 6:2 hisobi bilan yakunlandi. Bundan tashqari, Angliya so‘nggi 6 ta o‘yinidan buyon g‘alaba qozona olmayotgan edi. Ammo ushbu o‘yinda Angliya Jahon chempionatida boshqacha ruh bilan o‘yinga tushishlarini, oldingi o‘yinlarga qarab xulosa chiqarish noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib qo‘yishdi.

Xalifa xalqaro stadioni.

Angliya — Eron o‘yini Dohadagi Xalifa xalqaro stadionida bo‘lib o‘tdi. «Xalifa» stadioni Qatarning eng tarixiy stadioni hisoblanadi, u 1976 yilda qurilgan. JCH-2022 uchun stadion qayta ta’mirlanib, obyektga sovutish tizimi va 12 mingta qo‘shimcha o‘rindiq o‘rnatildi. Ushbu stadion o‘z bag‘riga 68 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.

Eron terma jamoasi mamlakatdagi namoyishlar chog‘ida halok bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘yin boshlanishidan avval davlat madhiyasini kuylamadi. Odatda ushbu terma jamoa madhiyani jamoa bilan jo‘r bo‘lgan holda kuylar edi.

Angliya — Eron 6:2

Uchrashuvning birinchi taymi Angliya terma jamoasining keskin hujumlari bilan boshlandi. Uchrashuvning 9-daqiqasida ana shunday hujumlarning birida Eron terma jamoasi darvozaboni Alirizo Beyranvand Angliyaning hujumini to‘xtatish uchun to‘pga chiqib, jamoadoshi bilan noqulay tarzda to‘qnashib ketdi va ancha vaqt maydonda o‘zini yomon his qilgan holda yotdi. Ushbu epizod sababli, o‘yin ancha vaqtgacha to‘xtab qoldi va shu sababga ko‘ra keyinroq hakam birinchi taymga 14 (!) daqiqa qo‘shib berdi. Uchrashuvning 20-daqiqasida Eron terma jamoasi o‘z darvozabonini almashtirishga majbur bo‘ldi. Ikkinchi darvozabon buni kutmagan chog‘i, birinchi taymning o‘zida 3 ta gol o‘tkazib yubordi.

Alirizo Beyranvand yordam ko‘rsatilmoqda.

Angliya terma jamoasining birinchi golini 35-daqiqada 19 yoshli Jud Bellingem kiritdi. Bu uning terma jamoadagi ilk goli edi. Oradan sakkiz daqiqa o‘tar-o‘tmas Bukayo Saka Eron darvozasini chiroyli zarba bilan ishg‘ol etdi. Yana ikki daqiqadan so‘ng hisob 3:0 ko‘rinishini oldi: Xarri Keynning chiroyli pasidan so‘ng Rahim Sterling havodagi zarbasi bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi.

Keyingi daqiqalarda ham Angliya hujum qilishda davom etdi, ammo hujumlarda oldingidek o‘tkirlik yetishmadi, ba’zi paytlar Angliya jamoasida motivatsiya qolmagandek ko‘rindi. 1-taymda bo‘lgan to‘xtalishlar hisobiga taym salkam 60 daqiqa davom etdi va 1-taym 3:0 hisobi bilan yakunlandi.

2-taym boshlanishidan oldin Eron terma jamoasi murabbiyi Karlush Keyrush birdaniga 3 nafar o‘yinchini almashtirishga qaror qildi. Jiddiy qaror. Ammo o‘yinning 62-daqiqasida Bukay Saka uchrashuvda dubl qayd etdi va hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Sal o‘tib, 65-daqiqada «Portu» futbol klubi hujumchisi Mehdi Taremi Eronning chempionatdagi ilk golini kiritganida esa uchrashuvga biroz «intriga» qaytgandek bo‘ldi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi va 72-daqiqada bir daqiqa oldin maydonga tushgan Markus Reshford Angliya terma jamoasining 5-golini kiritdi.

89-daqiqada Jek Grilish hisobni yana kattalashtirdi — 6:1. Biroq hammasidan ham qizig‘i, hakamning 2-taymga 10 daqiqa qo‘shib bergani bo‘ldi. Ehtimol, ushbu uchrashuv futbol tarixidagi eng uzoq davom etgan o‘yinlardan biri bo‘lgandir: 1-taymda +14 daqiqa, 2-taymda +10, demak asosiy vaqtning o‘zi 114 daqiqa davom etdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘ngida hakam angliyaliklar darvozasiga penalti zarbasi belgiladi: Angliya himoyachilari jarima maydonchasi ichidagi Eron himoyachisining futbolkasidan tortib, uni to‘xtatib qolishdi. To‘p oldida Mehdi Taremi: penalti unga dublga erishish imkoniyatini yaratdi. Va Taremi ishonchni oqlagan holda hisobni 6:2 ko‘rinishiga keltirdi. Shu bilan hakamning ham o‘yinni yakunlovchi xushtagi chalindi. Angliya terma jamoasi hozircha guruhda peshqadam bo‘lib oldi.


22 noyabr kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da ushbu guruhning yana ikki terma jamoasi AQSh va Uels o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Angliya terma jamoasi esa 2-turni 26 noyabr kechasi soat 00:00 da AQSh terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Eronliklar esa 25 noyabr kuni 15:00 da navbatdagi tur doirasida Uels terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Hozircha Eron terma jamoasi pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lganicha yo‘q — barchasini navbatdagi o‘yinlar hal qiladi.