20 noyabr tongida Qozog‘iston Respublikasida navbatdan tashqari prezident saylovlari boshlandi. Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenkoning so‘zlariga ko‘ra, saylov birinchi bo‘lib mahalliy vaqt bilan soat 4:00 da Tokioda boshlandi.

Yakshanba kuni 10 101 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 86 tasi mahalliy vaqt bilan 6:00 da, qolganlari esa 7:00 dan ochildi.

Saylov jarayonlarini YeXHT DIIHB, MDH, SHHT, TDT, IHT va boshqa tashkilotlardan kelgan 641 nafar xalqaro kuzatuvchilar, qariyb 50 davlatdan tashrif buyurgan OAV vakillari kuzatib boradi.

11 mln 950 ming 485 nafar qozog‘istonlik saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Saylovchilar umumiy sonining bir foizi hisobga olingan holda, saylov byulletenlarining soni 12 mln 69 ming 990 tani tashkil etadi.


Saylovchilar 6 nafardan nomzod: Karakat Abden, Qasim-Jomart Toqayev, Saltanat Tursinbekova, Nurlan Auyesbayev, Jiguli Dayrabayev va Meyram Kajikendan biriga shuningdek, barchaga qarshi ovoz berish yo‘li bilan o‘zining fuqarolik pozitsiyasini bildirishi mumkin.

Biroq mazkur grafani qancha odam tanlashidan qat’i nazar, prezidentlik saylovlariga ta’sir qilmaydi. Qozog‘iston Konstitutsiyasiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu saylovda g‘alaba qozongan nomzod 7 yil davomida davlatni boshqaradi va ikkinchi muddatga qayta saylana olmaydi.

Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan 21 noyabr kuni soat 9:00 da San-Fransiskoda yakunlanadi.

Ayni vaqtda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib turgan «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov saylov uchastkalaridan fotoreportaj tayyorladi.

«Ostona opera» mamlakat opera va balet teatridagi 393-saylov uchastkasi


O‘zbekiston va Qozog‘iston saylov tizimlaridagi asosiy talablar bir xil. Misol uchun, yopiq tarzda ovoz beriladi va byulleten bilan suratga tushish va uni tarqatish mumkin emas, aks holda u tashviqot sifatida qaraladi, bu esa qonunbuzish demakdir. Byulleten maxsus kabinkada, saylovchi tomonidan, agar istisno holatlar bo‘lmasa, yashirin tarzda to‘ldiriladi. Qalamda yozish yoki o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi, fuqaroning xohishini aniq ifodalovchi har qanday belgini qo‘yish mumkin.

Saylov uchastkalarida fuqarolarni kutib olish uchun ko‘ngillilar jalb qilingan, ayrimlarida xavfsizlik choralari ham ko‘rilgan.

Harorat -10 darajani ko‘rsatishiga qaramay, ertalabdan asosan yoshi kattalar kelmoqda, kun nisbatan iliqlashi bilan oilaviy kelib ovoz berayotganlar ham ko‘paya boshladi.

Shu qatorda Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari — savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin ham o‘zining nomzodiga ovoz berdi.

Ovoz berib bo‘lgach, u jurnalistlarga bergan intervyusida mamlakat uchun muhim masala yuzasidan o‘z fikrini bildiradigan juda ko‘p g‘amxo‘r odamlarni ko‘rishdan xursand ekanligini ta’kidladi.

«Bizning barchamizni, har bir azamatni (fuqaroni — tahr.) Qozog‘iston kelajagi uchun ovoz berayotganimiz birlashtirib turibdi. Hozir amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati ham shunda», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ta’kidlash joizki, Ukrainada saylov uchastkasi ochilmaydi. Qozog‘istonliklar qo‘shni davlatlar Moldova yoki Polshaga borib, o‘sha yerdagi saylov uchastkalarida ovoz berishlari mumkin.

Mazkur saylov uchastkasida kuzatuvchilar va OAV vakillari uchun alohida joy hozirlangan.

Akmola viloyati Selinograd tumani Talapker qishlog‘idagi maktabda joylashgan 685-saylov uchastkasi


Qishning izg‘irin sovug‘iga qaramasdan qozog‘iston ahli saylovda anchayin faollikni ko‘rsatmoqda.

Bu yerdagi uchastkada esa saylovchilarni musiqa sadolari ostida kutib olishmoqda.

Saylovda o‘z nomzodiga ovoz bergan odamlarning o‘zaro suhbatida, mazkur saylov rostdan ham obyektiv o‘tayotganiga ishonch tuyg‘ulari ufurgan fikrlarini eshitish mumkin. Bunga sabab qilib, ular nomzodlar ma’qul kelmagan taqdirda barchasiga qarshi ovoz berish mumkinligini ta’kidlashmoqda.