O‘zbekistonga qarshi qaratilgan o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvga berilgan ikki fuqaro xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

«Chet el huquq-tartibot idoralari bilan olib borilgan hamkorlikdagi tadbirlar davomida… xorijiy davlatlarning birida qo‘lga olingan» ikkala fuqaro ham 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ular qachon va aynan qayerda qo‘lga olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lum qilinishicha, ular «xorijiy xorijiy davlatlarda mavsumiy ishlashi davomida Internet orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlari a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan».

«Ularning ta’sirida 2021 yilning avgust oyida Suriya Arab Respublikasi hududiga o‘tib, „Tavxid va jihod katibasi“ xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilgan hamda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan», — deyiladi IIV axborotida.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi qaysi moddalar bo‘yicha ochilgani ma’lum qilinmagan.

Xabar so‘ngida IIV fuqarolarga murojaat qilib, ularga «sizda shubha tug‘ilgan Telegram guruhlariga a’zo bo‘lishdan asranishni maslahat» bergan.