Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida 1,8 tonna iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlarini sotuvga qo‘yilishining oldi olindi, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning O‘zbekiston tuman bo‘limi tomonidan DXX, DSI va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro X.X. yashash xonadonida yashirin sex tashkil qilib, «T.Ye.» MCHJning mahsulot yorlig‘idan foydalangan holda qalbaki yog‘ mahsulotlarini qadoqlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlanib, jami 2 000 dona yelim idishlardagi 1,8 tonna iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.