Gaaga (Niderlandiya) okrug sudi 17 noyabr kuni 2014 yil 17 iyulda Malaysia Airlines aviakompaniyasining MN17 reysining samolyotining halokatga uchrashi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ayblanayotgan uch kishiga nisbatan hukm chiqardi. Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan Boeing 777 samolyoti Donetsk viloyati osmonida raketa bilan urib tushirilgan edi. Uning bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgandi.

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donets Xalq Respublikasining sobiq «mudofaa vaziri» IgorGirkin (Strelkov), general-mayor Sergey Dubinskiy, polkovnik Oleg Pulatov (Rossiya fuqarolari) va Leonid Xarchenko (Ukraina fuqarosi) sud qilindi.

Sud Girkin, Xarchenko va Dubinskiyni aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Shuningdek, ular qurbonlarning yaqinlariga 16 mln yevro miqdorida tovon puli to‘lashlari kerak. Sud Pulatovni oqladi.

DW`ning sud tomonidan ko‘rib chiqilgan tergov xulosalariga tayanib yozishicha, to‘rtalasi ham Rossiyadan jinoyat quroli — «Buk» zenit-raketa majmuasining (ZRM) keltirilishiga hissa qo‘shib, uni ishlatish uchun hisob-kitoblarni muvofiqlashtirgan holda 298 kishining o‘limida muhim rol o‘ynashgan.

Meduza`ning aniqlik kiritishicha, Girkin Rossiyadan «Buk»ni yetkazib berishni so‘ragan, Dubinskiy uning tashilishiga mas’ul bo‘lgan, Pulatov va Xarchenko belgilangan yo‘nalish bo‘yicha qurilmani yetkazib berish va samolyot yo‘q qilingandan keyin uni Rossiyaga qaytarishga yordam bergan. Shunday qilib, ayblovning fikricha, to‘rttasi ham «samolyotni yo‘q qilish rejasini birgalikda boshqargan», biroq ularning hech biri raketani uchirishda bevosita ishtirok etmagan.

Sud ayblov tomoni Pulatovning aybini isbotlay olmadi, deb hisobladi, chunki u «Buk» jamoasi bilan aloqada bo‘lgan va raketani uchirishda bevosita ishtirok etgan — garchi u tegishli rejalar haqida aniq bilar edi.

Foto: courtmh17.com.

Sud MN17 reysi Kurskda joylashgan Rossiya qurolli kuchlarining 53-havo mudofaa brigadasiga tegishli «Buk» havo mudofaa raketasi tomonidan urib tushirilganini isbotladi. «Buk» o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR hududiga samolyot qulashidan bir kecha oldin keltirilgan va raketa uchirilganidan ko‘p o‘tmay ortga qaytarib yuborilgan. Raketa DNR nazorati ostida bo‘lgan Pervomayskoye qishlog‘i hududidan uchirilgan.

Gollandiyada va xorijda olib borilgan tekshiruvlar dalillarni soxtalashtirishga oid hech qanday dalil topmadi. «Buk» raketasi boshqa hududdan uchirilgani kabi muqobil ssenariylar dalillar asosida inkor etiladi, deya ma’lum qildi sud.

Sud majlisida barcha ayblanuvchilar qatnashmadi. Jarayon boshlangan vaqtda ularning barchasi Rossiyada bo‘lgan, hozir Igor Girkin Ukrainadagi urushda qatnashmoqda, qolganlari qayerda ekani noma’lum, deya xabar beradi DW.

Avstraliya, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya va Ukraina vakillaridan iborat xalqaro tergov guruhiga Niderlandiya prokurori Fred Vesterbeke rahbarlik qilgan.

Tergov sun’iy yo‘ldosh va ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlar, shuningdek, guvohlarning ko‘rsatmalari orqali «Buk» yo‘nalishini qayta qurishga muvaffaq bo‘ldi. Tergov sudlanuvchilarning voqeaga aloqadorligini ularning Ukraina maxsus xizmatlari Gollandiyaga uzatgan suhbatlari yordamida aniqladi.

Sud Gollandiyada bo‘lib o‘tdi, chunki MN17 reysidagi halok bo‘lgan yo‘lovchilarning uchdan ikki qismi ushbu mamlakat fuqarolari edi.