Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova sudga bergan insta-bloger Sevinch Sa’dullayevaga 5 sutka ma’muriy qamoqqa olish chorasi qo‘llanilgandi. Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati blogerga 4 sutkadan so‘ng ozod qilinganini ma’lum qildi.

Nodira Umarova insta-blogerni «o‘z ishtirokidagi video va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid ravishda, jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga qasddan e’tibor bermay, jamoat tartibini buzgan holda joylashtirgani, bu esa fuqarolarning asosli da’volariga sabab bo‘lgani» sababli sudga bergandi.

Sud vaqtida bloger o‘z qilmishlarini boshqa takrorlamaslik hamda barcha video va fotosuratlarni o‘chirib tashlashga va’da berib, yengilroq jazo tayinlanishini so‘ragan, biroq 5 sutkaga qamalgan.

Huquq-tartibot idoralarining «Gazeta.uz»ga tarmoqda uning ishtirokidagi erotik videolar tarqalgani ma’muriy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgani ma’lum qilgandi. Xususan, uning nomidan turli Telegram kanallarida erotik kontent joylashtirilgan yopiq guruhlarga olib boradigan fotosurat va videolar e’lon qilingan.

15 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Sevinch Sa’dullayevaga oid ish yuzasidan chiqarilgan sud qaroriga huquqbuzar tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Ma’muriy javobgarlikka tortilgan Sevinch Sa’dullayeva apellyatsiya shikoyatida, hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymonligi bildirib, sud qarori bilan tayinlangan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

«Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyatda keltirilgan vajlarni o‘rganib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan S.S. ga nisbatan jazo tayinlashda, shaxsini, yoshini, ayolligini, bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, birinchi instansiya sudi qarori bilan tayinlangan ma’muriy qamoq jazosini kam muddatdagi ma’muriy qamoq jazosiga keltirishni lozim deb topdi», — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar sudining ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining Sevinch Sa’dullayevaga oid qarori o‘zgartirilib, huquqbuzarga nisbatan insonparvarlik tamoyili qo‘llanilgan holda tayinlangan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi 4 sutka ma’muriy qamoq jazosiga keltirildi.

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan Sevinch Sa’dullayeva jazoni to‘liq o‘tagan deb hisoblanib, Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasidan ozod qilindi, deyiladi xabarda.

Toshkent shahar oila va xotin-qizlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova avvalroq bloger Sevinch Sa’dullayeva hibsda bo‘lganidan so‘ng to‘liq nazoratga olinib, kasb-hunarga o‘qitilishi va doimiy ishga joylashtirishi belgilanganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan u bilan doimiy ish olib borilib, psixologlar yordamida korreksion ishlar o‘tkazilishi belgilangandi.