Xorazm va Jizzax viloyatlarida jami 5 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 13 noyabr kuni soat 19:30 larda Urganch shahridagi xonadonlardan birida ijara asosida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro D.S. va 2007 yilda tug‘ilgan R.B. xonadonida o‘rnatilgan qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish qozonidan ajralib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, 15 noyabr kuni soat 08:30 larda Jizzax viloyati Zarbdor tumani «Yangikent» mahallasida yashovchi 1959 yilda tug‘ilgan A.A., voyaga yetmagan nabiralari — 2008 yilda tug‘ilgan O.A. va 2010 yilda tug‘ilgan Ch.T. yashash xonadonida qo‘l bola usulda tayyorlangan isitish moslamadan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi.

Ushbu holat yuzasidan Zarbdor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qorako‘l tumanidagi xonadonlarning birida gaz chaqnashi sodir bo‘lishi oqibatda 2-sinf o‘quvchisi olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgandi.