Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining «Beshqo‘ton» mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘yicha yordamchisi kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, A.T. bir guruh tadbirkorlik subyektlari rahbarlari bilan davlat dasturlari asosida fuqarolarga ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan aniqlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov davomida A.T.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

«Hozirda tergov ketyapti, summa yana ko‘payishi mumkin. Qolaversa, guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlanganda o‘zgarishi ham mumkin», — deya qo‘shimcha qildi «Gazeta.uz»ga viloyat prokuraturasi matbuot xizmati kotibi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida hokim yordamchisi 2000 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingandi. Shuningdek, Toshkent tumani hokimi yordamchisi va uning sinfdoshi 4 sotix yerni 30 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganda ushlangandi.

sentabr-oktabr oylarida Antikorrupsiya agentligi Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchisi, hokim va o‘rinbosarlari qatorida hokim yordamchilarining ham davlat ishi bilan birgalikda tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanib kelayotganini aniqlagandi.