DBQ raisi besh nafar xodimni ishdan bo‘shatdi va tergov organlariga topshirdi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar berdi.

15 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga sharoit yaratgan ayrim xodimlar harakati tanqid ostiga olindi.

Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Oybek» chegara bojxona postida joriy yilning iyun-sentabr oylarida olib borilgan tezkor o‘rganish ishlari natijasida, olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ortilgan yuk mashinalarini hujjatlarda bo‘sh holatda deya ko‘rsatgan holda olib chiqilganiga doir fakt va dalillar aniqlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

«Oybek» chegara bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari va 3 nafar xodimlari shu kunning o‘zida bojxona organlaridan bo‘shatildi va tergov organlariga topshirildi, deyiladi DBQ xabarida.

Shu bilan birga, 15 noyabr kuni tungi soat 3:30 larda «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara-bojxona postida aniqlangan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniny olib kirishga urinish holati ham yig‘ilishda keskin tanqid ostiga olinib, mazkur post navbatchilik boshlig‘i ham lavozimidan ozod etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘onada aniqlangan holatda tovarlarni «reeksport» qilmasdan, ichki hududda olib qolinishiga sharoit yaratib bergan xodimlar harakati tanqid qilinib, «Qo‘qon» TIF bojxona postining bir nafar xodimi ishdan bo‘shatildi va holatga aloqadar bir qator xodimlar intizomiy jazoga tortildi.