Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tengdoshlari kaltaklashi oqibatida 14 yoshli bola vafot etgani haqida xabar berilgandi. Farg‘ona viloyati IIB xabar qilishicha, voqea sabab 2 nafar IIO xodimi ishdan bo‘shatilgan.

Qayd etilishicha, 17 oktabr kuni Qo‘qon shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi yotoqxonasida ikki nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilar o‘zi bilan birga tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan R.A.ga tan jarohati yetkazgani aniqlangan. Shundan so‘ng Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda yuqoridagi 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilar qamoqqa olingan.

Voqea sodir bo‘lgan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar IIO xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjal oldini olmagani uchun IIO safidan bo‘shatilib, xodimlarga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilindi.

Hozirda holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.