Vazirlar Mahkamasi binosida quvvati 630 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi yiliga 1,1 mln kVt-soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Stansiya Vazirlar Mahkamasi binosini kunduz kuni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, ehtiyojidan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlariga uzatish imkoniyati ham yaratildi.

Ushbu stansiya prezident raisligida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan amalga oshirildi.


Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev juma kungi videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy soha obyektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish muhimligi ta’kidlangandi.

Bunda yil yakuniga qadar 2107 ta bog‘chada, 1000 ta maktabda, 1071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1 ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatiladi.