Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Universal Mobile Systems (UMS va aktiv) MCHJning ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb qilish yuzasidan xalqaro tanlov e’lon qilingandi.

Mazkur tanlovda 10 ta mahalliy va xalqaro professional konsalting kompaniyalari ishtirok etdi.

Ushbu professional kompaniyalar telekommunikatsiya sohasida M&A loyihalaridagi tajribasi, malakasi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yondashuvlari va narx taklifi asosida saralandi.

Xalqaro tanlov natijalariga ko‘ra, faoliyat sohasidagi amalga oshirgan yuqori darajadagi M&A loyihalari, loyiha doirasida jalb qilinadigan professional jamoasining malakasi hamda eng maqbul narx taklifini bildirgan KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi tanlov g‘olibi deb topildi.

Davaktiv agentligi KPMG xalqaro kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda mazkur loyihani raqobat tamoyillariga asoslangan shaffof va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi, jumladan telekommunikatsiya bozori tahlili (Market analysis) o‘tkaziladi, birlamchi bozor holati (Market sounding) o‘rganiladi, aktiv bo‘yicha har tomonlama moliya, soliq, yuridik, texnik kompleks tahlil (due diligence) qilinadi hamda investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Aktivni baholash jarayoniga uning nufuzi va xalqaro tan olinishi nuqtai nazaridan «Katta to‘rtlikka» kiruvchi (KPMG`dan tashqari) xalqaro professional mustaqil baholovchi kompaniyasi tanlov asosida jalb etiladi.

Konsultantning aktivni dastlabki o‘rganish natijalari va jarayonni tashkil etish bo‘yicha takliflari asosida qisqa muddatlarda aktivni sotib olishga arizalarni qabul qilish jarayoni va muddatlari e’lon qilinadi.

Universal Mobile Systems MCHJ mahalliy telekommunikatsiya bozorida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan nufuzli kompaniya bo‘lib, Mobiuz savdo belgisi ostida zamonaviy mobil ovozli aloqa va mobil internetga ulanish xizmatlarini taqdim etadi.

2021 yil yakunlari bo‘yicha UMS kompaniyasining abonentlari soni — 6,6 mln, uyali aloqa xizmatlari bozoridagi ulushi — 20% atrofida, daromadlari — 1,1 trln so‘mni, sof aktivlari hajmi — 1,4 trln so‘mni va sof foydasi — 97 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixida davlat tasarrufidagi mobil aloqa kompaniyasining raqobatga asoslangan oshkora savdo orqali xususiylashtirilishi birinchilardan bo‘lishi kutilmoqda.

Davaktiv agentligi KPMG xalqaro kompaniyasi bilan birgalikda xususiylashtirish jarayonini ochiq, shaffof, xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishning barcha choralarini ko‘radi, jarayonning har bir bosqichi to‘g‘risida ommaga axborot berib borilishini ta’minlaydi.

Telegram: t.me/DAVAKTIVUZ

Reklama huquqlari asosida.