10 noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti arafasida O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Unda O‘zbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari hamda AKT, qurilish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, tibbiyot va farmatsevtika, transport, logistika va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik venger va o‘zbek kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto ishtirok etdi.


Muqobil energetikani rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va turizm kabi sohalar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

«Avtomobillarning yillik ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bois, extiyot va butlovchi qismlariga talab ortib boradi. Bu esa o‘z o‘rnida — Vengriyalik hamkorlar bilan birgalikda yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun asos bo‘ladi», — dedi Jamshid Xodjayev

Tadbir yakunida 8 ta hujjat, jumladan, avtomobilsozlik, transport-logistika xizmatlari, yengil sanoat, parrandachilik sohalarida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv va shartnomalar hamda tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va baliqchilik sohasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.