10 noyabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Orol dengizi hududida cho‘llanishning salbiy oqibatlari bilan kurashish maqsadida 1,6 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratganini e’lon qildi. Ushbu tashabbus Orol dengizining qurigan tubida ekotizimlarni qayta tiklash (ERAS II) loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilib, Orol dengizining O‘zbekiston qismida yangi o‘rmon ekinlarini o‘tqazish orqali hududda havo sifati va yashash sharoitlarini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga yo‘naltiriladi.

Bu Orol dengizining shimoliy qismi bo‘lmish Qozog‘iston hududida avval boshlangan loyiha doirasida olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir. USAID, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida yashash sharoitlarini yaxshilash va ekotizimlarni tiklashga ko‘maklashish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

«Davlat tashabbuslarini amalga oshirish uchun zarur salohiyatlarni mustahkamlash va ko‘maklar ko‘rsatish — bu mavjud yondoshuvlardan biri bo‘lib, u orqali Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sish uchun o‘z tajribalarini bo‘lishishga intiladi. Bu kabi loyihalar xalqlar o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlagan holda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lganidek, turmush sharoitini yaxshilash va barqarorlikni yaratishga ham qaratilgandir», — dedi USAIDning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy missiyasining Iqtisodiy taraqqiyot bo‘limi direktori Laura Chizmo.

Orol fojiasi dunyodagi eng dahshatli ekologik ofatlardan biridir. Bir paytlar kattaligi bo‘yicha dunyo miqyosida to‘rtinchi eng katta ko‘l bo‘lgan dengiz, Amudaryo va Sirdaryo daryolari suvlarining qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun olinishi ortidan 1997 yilga kelib avvalgi hajmidan taxminan 10 foizga qisqardi. Bugungi kunda ushbu hudud har yilgi qum va chang bo‘ronlarining yuz berishiga o‘zining ko‘plab hissasini qo‘shmoqda. Bu esa o‘z navbatida yuz kilometrlab hududdagi atrof-muhitga va insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ushbu loyiha 2022 yilgi BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP27) e’lon qilingan AQSh hukumatining tabiatga asoslangan yechimlar bo‘yicha yo‘l xaritasini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning maqsadi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning asosiy usuli sifatida tabiiy yechimlarni ilgari surish va AQShning iqlim maqsadlariga erishishni tezlashtirishdan iborat.

Orolbo‘yi mintaqasida ko‘kalamlashtirish ishlaridan tashqari, USAID ekinlar ekish va ularni sug‘orishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha izlanishlar olib borish va natijalarini tarqatishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham Orol dengizi falokatining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirishini va bilimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan.


Ushbu tadqiqotlar cho‘l biomlari to‘g‘risidagi tushunchalarni kengaytiradi hamda agrobiznes va atrof-muhitni tiklash bo‘yicha xususiy sektor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘rmonlashtirish ishlariga yangi texnologiyalarni tadbiq etish orqali USAID atrof-muhitni muhofaza qilishga oid dolzarb masalalarda davlat va xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirib, O‘zbekistondagi tuproq va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha tashabbuslarning uzoq muddatli barqarorligini oshiradi.

Orol dengizining qurigan tubida ekotizimlarni tiklash loyihasi USAIDning suv resurslari va atrof-muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orol dengizi bo‘yicha xalqaro innovatsion markazi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari, Mo‘ynoq tumani hokimiyati va Qozog‘istonning Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

«USAIDning suv resurslari va atrof-muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasining maqsadi Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzalaridagi ekologik xavflarni kamaytirish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan. Loyiha faoliyati manfaatdor tomonlarning muloqotlariga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash, modellashtirish va amaldagi ma’lumotlardan foydalangan holda daryo havzalarini kompleks va barqaror boshqarish bo‘yicha umumiy qarashlarni ishlab chiqish hamda boshqaruvning turli sohalari va darajalari o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali suv resurslari sohasida mavjud murakkab mintaqaviy muammolarni echish boyicha ko‘p qirrali yondashuvga asoslangan», — deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.