Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari 17 oktabr kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimining «Oqtosh ota» MFYdagi yordamchisini 2 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga oldi. Bu haqdagi 8 noyabr kuni huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, u tadbirkorlik subyekti tomonidan ta’minotchi sifatida fuqarolarga qurilmagan 10 ta issiqxona uchun jami 330 million so‘m miqdoridagi pullarni tadbirkor boshqaruvidagi MCHJ hisob raqamiga o‘tkazilishi uchun yordam berishini aytgan.

Hokim yordamchisi bitmagan issiqxonalar uchun pulni o‘tkazishga tuman hokimi birinchi o‘rinbosarining roziligi kerakligini, unga 1000 dollar, o‘ziga yana 1000 dollar bergan taqdirda masalani hal qilib berishini va’da qilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.