5−6 noyabr kunlari ko‘hna Samarqand shahrida to‘rtinchi Samarkand marathon bo‘lib o‘tdi. O‘tgan yillardan farqli o‘laroq bu yil yurugish masofalari qatoridan 42 km toifasi ham o‘rin oldi va shu bois marafon nomidan half (yarim) so‘zi chiqarib tashlandi.

Ta’kidlash joiz, bu yilgi marafon boshqalariga qaraganda ko‘p jihatlari bilan farqli bo‘ldi. Masalan, ko‘ngillilar yordamida har bir ishtirokchining natijasi qo‘lda yozib borilmadi. Buning o‘rniga qatnashchi raqami ortiga maxsus chiplar o‘rnatildi va bu avtomat tarzda natijani qayd etish imkonini berdi. Qolaversa, xayriya marafonining hamkorlari har yili ko‘payib bormoqda, bu unga qiziqish ortayotganidan dalolat. Hattoki, ayrim homiylar ishtirokchilar finishga yetib kelganida sarflangan energiyani tiklashi uchun yeguliklar va suv tarqatmoqda.

Samarkand marathon veb-sayti ma’lumotlariga ko‘ra, qatnashish maqsadida jami 3248 kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Yakshanba kuni 2652 kishi start chizig‘ini bosib o‘tdi, shundan 2498 kishi finishga yetib keldi. Ularning 63 foizini erkaklar, qolgan 37 foizini ayollar tashkil qildi.

Bu safar «Gazeta.uz» marafon natijasi va g‘oliblarini ko‘rsatishga emas, balki xayriya marafonining asosini tashkil etuvchi — ishtirokchilarning hayot tarzini namoyish etishga harakat qildi. Ularning ko‘pchiligi uchun yugurish, sport bilan shug‘ullanish odatiy hayot tarzi demakdir, marafon esa yaqinlar bilan vaqtichog‘liq uchun bir sabab xolos.

Foto

Har galgidek marafonga ko‘pchilik oilasi, jamoasi yoki do‘stlari bilan kelgan.

Ular uchun yugurish shunchaki hayotning o‘zidanda ustunroq voqelikdir. Asosiy maqsad esa qandaydir medal yoki esdalik sovg‘alarni qo‘lga kiritishdan yuksakroq — sog‘lik demakdir.


Ko‘pchilikka, jumladan, yoshi kattalarga ham jismoniy holati — o‘zining sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qilmadi.



Odamlarning ko‘zlariga qarab bir narsani anglash mumkin, ular hayotining har bir soniyasini qay tarzda o‘tkazishni istasa, xuddi shunday rejalashtirayapti va umr yo‘lida o‘z izini qoldirayapti.