7 noyabr dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasining bir nechta reyslarni muqobil aeroportlarga yo‘naltirishga majbur bo‘ldi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Xususan, HY602 Moskva — Toshkent qatnovi Navoiy aeroportiga, HY336 Jidda — Toshkent qatnovi Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi. Ushbu yo‘nalishdagi qatnovlar belgilangan manzilga yetib bordi.

Bundan tashqari, Farg‘ona xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli rejalashtirilgan HY081 Toshkent — Farg‘ona reysi soat 06:55 dan 09:30 ga ko‘chirildi. HY277 Farg‘ona — Istanbul reysi Farg‘ona xalqaro aeroportidan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha jo‘nab ketdi.

«Shu munosabat bilan, HY278 Istanbul — Farg‘ona va HY082 Farg‘ona — Toshkent reyslari kechikib amalga oshirilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Aeroporti matbuot xizmati muqobil aerodromga yo‘naltirishga majbur bo‘lingan boshqa aviakompaniyalarning samolyotlari haqida ham ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Azimut aviakompaniyasining Mineralniye Vodi — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha AZ0681 reysi ob-havo sharoiti, hususan kuchli shamol va ko‘rish imkoniyatining pastligi tufayli Navoiy aeroportiga jo‘natildi.

Bortida 91 yo‘lovchi bo‘lgan Sukhoi Superjet 100−95B samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 12:19 da Navoiy xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Ob-havo yaxshilangach, samolyot soat 13:23 da qayta Toshkentga uchib ketdi.

Shuningdek, bugun soat 05:42 da ob-havo sharoiti tufayli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY602 Moskva — Toshkent reysini amalga oshirayotgan Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti Navoiy aeroportiga borib qo‘ndi. Biroz vaqat o‘tgach, ob-havo sharoiti yaxshilangandan so‘ng bortida 226 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent aeroportiga ucha oldi.