Hukumatning 4 noyabrdagi [644-sonli] qarori bilan «Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o‘rinli tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil qilinadi.

Punktga ichki rejim hamda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish uchun Milliy gvardiyaning qo‘riqlash bo‘linmalari xodimlari qo‘yiladi.

Jamoat joylarida (yashash joyidan olib borish bundan mustasno) bo‘lgan mast shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga ichki ishlar organlari xodimlari olib boradi.

Olib borishga quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

  • shaxsning maqsadli harakatlar sodir etish yoki o‘zi mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo‘qotganligi (biror joyda yotgan yoki o‘tirgan holati);
  • shaxsning uyquchanligi, uyg‘otishning qiyinligi;
  • shaxsning tikka holatda mustaqil tura olmasligi;
  • nutqining noaniq, tushunarsiz, o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan uzuq-yuluq alohida so‘zlardan tashkil topishi (g‘uldirashi);
  • savollarni yaxshi tushunmasligi, o‘zining qayerdaligini aniq anglab yetmasligi.

Mast odam tibbiy yordam ko‘rsatish punktida 12 soatgacha bo‘lganda dalolatnoma, 12 soatdan ko‘p vaqt bo‘lganda va tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan hollarda kasallik tarixi rasmiylashtiriladi.

Tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib kelingan mastlik holatidagi shaxslar sutkaning tungi vaqtida (soat 23:00 dan 06:00 gacha) yoki yilning sovuq davrida ularning qarindoshlari kuzatuvida chiqarib yuboriladi.