Ben, Suazik, ularning qizi Ebigeyl, o‘g‘li Alban va ikkita itning na uyi, na puli va na rejasi bor. Ammo so‘nggi to‘rt yil ichida bu fransuz oilasi Benning o‘zi qayta jihozlab, g‘ildirakli uyga aylantirgan uch metrli o‘t o‘chirish mashinasi “Marusya"da o‘rmonlar, tog‘lar va dalalarni kesib o‘tib, yetti mamlakatga sayohat qilishdi.

Sakkiz yil oldin Ben va Suazik farzand ko‘rishdan oldin yo‘ltanlamas mashinada Yevropa bo‘ylab sayohat qilishgan. O‘shanda ular kengroq mashinada dunyo bo‘ylab uzoq muddatli sayohatga chiqishni orzu qilishgan. Tadbirkorlikka o‘tgan mexanik — Ben eski o‘t o‘chirish mashinasini sotib olib, uni o‘z qo‘li bilan yashash joyiga aylantirdi. Oila o‘z uyiga “Marusya” deb nom bergan.

Siz mashinaga tutqichni ushlab, ulkan g‘ildirakka qadam qo‘yib chiqishingiz mumkin. Mashina ichkarisida yashash uchun hamma narsa bor: ovqat pishirish uchun kichik pechka, rakovina, vannaxona, ikki yotoqxona va oilaviy ovqatlanish uchun umumiy stol. Ben har bir mayda-chuyda tomonlarigacha o‘ylagan. Mashinada tabiiy yorug‘lik uchun yetarli derazalar mavjud. Marusya tomi isitish uchun quyosh panellari bilan jihozlangan, ko‘plab shkaflarda bolalar kitoblari, qalamlar va turli hujjatlar saqlanadi. Ben bolalar uchun ikki qavatli yotoq yasagan.

Yagona minus — kir yuvish mashinasining yo‘qligi. Yo‘lda oila odatda jamoat kir yuvish xizmatlaridan foydalanadi, lekin Toshkentda bunday joylar yo‘q, shuning uchun sayohatchilar kiyimlarini yuvish uchun bir kunlik kvartirani ijaraga olishlari kerak bo‘ldi.

Ben “Marusya"ni yaratish uchun ikki yilini bag‘ishladi. U o‘z tasavvuriga tayanib, uni internetda ko‘rgan fotosuratlari bilan to‘ldirib, avtomobilning ichki va tashqi dizaynini o‘zi ishlab chiqdi. 2019 yilda uch metrli uy-mashina yura boshlagach, Ben va Suazik Fransiyadagi uyini sotib, farzandlari bilan dunyo bo‘ylab sayohatga chiqishdi.

O‘shandan beri ular hech qachon uyda bo‘lmagan. Ebigeyl va Alban “avtomobil” usulida ta’lim olishadi. Ularning ota-onalari o‘z farzandlarini mustaqil ravishda o‘qitish uchun Fransiya hukumatidan ruxsat olishgan. Bunda Suazikning profil ta’limi ham qo‘l keldi: u aqliy nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis. Har kuni ertalab Suazik Ebigeyl va Alban bilan bir necha soat ishlaydi. Bolalar charchaganida, onasi ularga dam olishga ruxsat beradi. Fransiyaga qaytib kelgach, Ebigeyl va Alban maxsus imtihondan o‘tishlari kerak. Hokimiyat shunday talab qo‘ygan.

Ben sayohat bolalar uchun ta’limning o‘rnini bosa oladi deb hisoblaydi.

“Ular dunyoni darsliklardan emas, hayotdan o‘rganishadi. Ular mamlakatlarni ko‘rishadi, ularni his qilishadi, ularning aholisini tanishadi. Keyinchalik ular armanlar, qozoqlar, ruslar yoki o‘zbeklar haqida eshitishsa, sayohat qilgan davrlarini eslashadi”, — deydi Ben.

Oila har bir mamlakatda vizasi ruxsat berganicha yoki vizasiz rejim imkonicha qolishga harakat qiladi. Ularning orzularini ro‘yobga chiqarishga internet-kontentni monetizatsiya qilish yo‘li yordam beradi. Er-xotin YouTube va Instagram'dagi obunachilarga sayohatlari haqida gapirib berishadi. Tomoshabinlar mos ravishda 6000 va 2500 dan ortiq. Ular hatto faqat Instagram uchun homiylik shartnomalariga ega.

Safar davomida oilada ko‘plab hikoyalar yig‘ilib qolgan. Misol uchun, pandemiya dunyoni qamrab olganida, oila butun Fransiya bo‘ylab sayohat qilishgan. Karantinning dastlabki ikki oyi og‘ir bo‘ldi. Avvaliga ular do‘stlari bilan fermada yakkalanib qolishdi, keyin “Marusya"ga ko‘chib o‘tishdi. Politsiya va Fransiya hukumati ulardan yashash manzilini so‘ragan, ammo ularda aniq manzil yo‘q. Oilaning mashinada yashayotganini ko‘rib, ulardan masofani saqlashni va boshqa oilalar bilan ovqat pishirmaslikni so‘rashdi.

2022 yil iyul oyida oila deyarli Rossiya-Gruziya chegarasida qolib ketdi.

— Biz 24 soat kutdik, — deydi Ben.

— Nega buncha uzoq?

— Buni bilmayman. Mashinalar navbatsiz o‘tardi, nega o‘tishimizga ruxsat berilmaganini tushunmadik. Bizni ichkariga kiritmasliklaridan juda qo‘rqardim, chunki biz Fransiya fuqarolarimiz, lekin hammasi iziga tushdi, ular bizni o‘tkazib yuborishdi. Ruslar ham bizni iliq kutib olishdi.

Armanistonda oila o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Fujer shahridan kelgan er-xotin bilan tanishib qoladi. Endi ular bir-birlariga ergashishmoqda. Ben va uning oilasi “Marusya"da, ularning yangi do‘stlari esa tomiga chodir o‘rnatish mumkin bo‘lgan yo‘ltanlamas avtomobilda harakatlanishadi.


O‘zbekistonga kelishdan oldin oila Qirg‘iziston bo‘ylab sayohat qilgan. To‘qto‘g‘ul suv omboriga ketayotganda “Marusya"ning oldingi chap g‘ildiragi loyga botib qolgan. Mashina chap tomonga engashib, ag‘darilishiga sal qolgan. Ben tun bo‘yi g‘ildirakni chiqarish uchun kavlagan. Suv ombori qirg‘og‘ida oila Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘tkaziladigan an’anaviy ko‘pkari o‘yinini tomosha qilish uchun borishgandi.

“Voy, bu o‘yin!” — deya hayqirdi Ben xursand ohangda.

“Fransiyada biz sharlar bilan o‘ynaymiz, lekin bu yerda bizda echki tanasi bilan o‘ynashadimi? — Suazik buni hayrat bilan eslaydi. — Va keyin yonimdagi yigit: “Hechqisi yo‘q, keyin biz bu echkini tushlikka yeymiz”, — dedi. Va men unga: “Nima? Yo‘g‘e… Ha mayli”, — deganim esimda.

G‘ayrioddiy voqealar ularni O‘zbekistonda ham kutib turardi. Er-xotin mamlakat haqida tasodifan bilib qolishdi. Ular yashagan atigi 20 ming aholiga ega bo‘lgan ona shaharida Markaziy Osiyo mamlakatlarini odatda Afg‘oniston va Pokiston bilan chalkashtirib yuborishadi.

Er-xotin O‘zbekistonga kelishdan oldin Fransiya hukumatining rasmiy saytiga kirib, Markaziy Osiyo yo‘nalishi unchalik ham obod mintaqa emasligini anglatuvchi to‘q sariq yoki sariq rangda ko‘rsatilganini aniqlashganini eslaydi.

“Nega endi? — dedi Ben hayron bo‘lib. — O‘zbek xalqi juda mehribon. Yo‘llarda hamma bizni to‘xtatib, mehmon qilishga chaqiradi: “kabob, kabob, keling, mehmonim bo‘ling!”.


Ben va Suazik o‘z hikoyalarini jonli tarzda, yuzlarida tabassum bilan aytib berishadi. Er-xotinning eslashicha, Farg‘ona vodiysida butunlay noma’lum erkak ularni yo‘lda to‘xtatgan. U ishonchli qadam bilan yurib, ularga yaqinlashgan va: “Kelinglar, restoranda tushlik qilamiz”, — dedi.

“Men faqat „Mayli“ deyishim mumkin edi”, — eslaydi Ben. — Dasturxon to‘la edi: baliq, go‘sht, salatlar. Kechki ovqatdan so‘ng, hisobni to‘lash vaqti kelganida, bu odam borib, hamma uchun to‘lov qildi".

Oila boshiga qarshilik qilishga imkon berishmagan.

“Fransiyada hammasi boshqacha. Odamlar o‘zlari uchun yashaydilar. Ular qo‘shnilarini tanishmaydi, — deydi Ben. “Har doimgidek, siz ishga borasiz va bolalaringizni faqat kechqurun ko‘rasiz”.

Sayohat oilaga har doim birga bo‘lish va farzandlarining qanday o‘sganini ko‘rish imkonini beradi. Ebigeyl va Alban ulg‘aygach, ular shundoq ham o‘z yo‘llari bilan ketishadi, — deydi Ben. Ammo hozir bolalar bilan birga bo‘lish, ularga haqiqiy dunyoni ko‘rsatish va unga ochiq bo‘lishni o‘rgatish uchun eng yaxshi vaqt.

— Ularga odamlardan qo‘rqmaslikni o‘rgatish kerak. Agar siz Fransiyada notanish odam bilan gaplashayotgan bo‘lsangiz, sizga undan nimadir kerak, nimadir so‘ramoqchisiz. Odamlarni va ularning bir-biriga o‘xshamasligini o‘rganish odat tusiga kirmagan. Men bolalarda to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirmoqchiman, — deydi Ben.

— Bu qanday bo‘ladi?

— Bu qaysi mamlakat yaxshi va qaysi mamlakat yomon ekanini maktab hal qilmasligi, — deb tushuntiradi Suazik. — Kitoblar va filmlar buni ular uchun hal qilmasligi. Ular qaysi davlat yaxshi va qaysisi unchalik yaxshi emasligini o‘zlari shu mamlakatni ko‘rishgani sababli bilishlari kerak.

OAV faqat yomon tomoni haqida gapiradi, — deya davom etadi Suazik, — urushlar, iqlim o‘zgarishi. Shunday qilib, odamlarda dunyo haqida illyuziyalardan iborat tasavvurlar shakllanadi. Ammo agar siz bu mamlakatlarga borsangiz, ularda urush, ocharchilik, totalitar rejimlar va iqlim o‘zgarishiga qaramay yashashni davom ettiradigan va baxtli bo‘lishga harakat qiladigan ajoyib odamlar yashayotganini ko‘rasiz.

“Bir joyda yashash va dunyoga haqida ijobiy tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin, — deydi Ben. Ammo senga yaxshi yangilik ko‘rsatilmaydi, buni o‘zing izlashing kerak. Hozir — mana shu haqiqiy hayot: farzandlarim O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiyadagi odamlar bilan muloqot qilishadi va bu yerda qanday odamlar yashashini o‘zlari hal qilishlari mumkin”.

Ota-onalar sayohat paytida farzandlarining fikrini tinglashadi, shuning uchun ular uzoq muddatli rejalar tuzishmaydi.

“Hattoki ertaga bizni nima kutayotganini bilmaymiz”, — deydi Suazik. Ammo eng muhimi, bir kun kelib, Ebigeyl va Alban yo‘ldan charchab, o‘troq hayotga qaytishni xohlashlari mumkin. Shunda ota-onalar, albatta, ularning xohishiga quloq solishadi — xuddi hozirgidek, bolalar bobo-buvilarini sog‘inib, ular bilan Rojdestvo bayramini o‘tkazishni xohlashayotgani uchun juftlik Fransiyaga qaytib ketmoqda.

Bayram kunlaridan keyin Ben va Suazik “Marusya"ni sotishni, kattaroq yuk mashinasini sotib olishni va Janubiy Amerika bo‘ylab sayohat qilish uchun yangi “avtouy” qurishni rejalashtirmoqda.