Isroilda 1 noyabr kuni mamlakat parlamenti bo‘lmish Knessetga saylovlar bo‘lib o‘tdi, unda barcha saylovchilarning 71,3 foizi ishtirok etdi, bu 2015 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Natijalar 3 noyabr kuni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Benyamin Netanyaxu va uning «Likud» partiyasi 23,41 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, deb xabar berdi Isroil Markaziy saylov qo‘mitasi.

«Likud» Knessetdagi 120 o‘rindan 30 tasini, o‘ta o‘ng va diniy partiyalardan tashkil topgan ittifoqchilarning butun koalitsiyasi esa 120 o‘rindan 64 tasini qo‘lga kiritdi.

«Isroil fuqarolariga katta yordamini uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz birgalikda Isroil davlatiga katta g‘alaba keltirdik. Chin qalbimdan katta rahmat», — deb yozdi Benyamin Netanyaxu tvitterda.

Isroilning Ga-Arets nashrining xabariga ko‘ra, atigi 17,78 foiz ovoz olgan Isroilning amaldagi bosh vaziri Yair Lapid allaqachon Netanyaxuni g‘alaba bilan tabriklagan.

Netanyaxu o‘tgan yili korrupsiya va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlari ortidan lavozimini tark etgan edi. Ayni damda sud jarayoni davom etmoqda.

Netanyaxuning saylovoldi va’dalari orasida mamlakat xavfsizligini ta’minlash, Isroil atrofida «tinchlik halqasi»ni kengaytirish va narxlarning oshishiga chek qo‘yish bor.