Telegram messenjerida o‘zbekistonliklarni haqoratlagan Qashqadaryodagi «Indorama agro» klasteri ishchisi, Hindiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Indorama agro» MCHJ viloyat IIBga murojaat qilib, Telegram messenjiridagi guruhda «Rahul» nomli foydalanuvchi ingliz tilida ishchi xodimlarini haqorat qilgan.

Korxona ishchilaridan biri «Gazeta.uz»ga taqdim qilgan skrinshotlarga ko‘ra, «Rahul» guruhda «O‘zbekiston fuqarolari pul evaziga onasini ham sotishga tayyor. Hech kimga ishonib bo‘lmaydi» deb yozib qoldirgan.

Bundan tashqari, hindistonlik guruhlardagi yozuvlarda faqatgina ishchilarni haqorat qilmagan. «O‘zbekiston fuqarolik pasportiga ega hech bir shaxsga ishonish mumkin emas, ayniqsa u musulmon bo‘lsa, shunchaki unga ishonma», — deb yozgan u.


Guruhda 32 kishi bo‘lib, ularning orasida o‘zbekistonlik ishchilar ham borligi va bu kabi yozuvlarga ular hech qanday munosabat bildirmagani aytilmoqda.

Tarmoqlarda korxona ishchilari bunga e’tiroz bildirib, ushbu shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘radi.

Kiberxavfsizlik markazi qayd etishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur shaxs Hindiston davlatida tug‘ilgan, hozirda «Indorama agro» MCHJda ishlovchi xodim Kulkarni Rahul Diliprao ekanligi aniqlandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-modda 2-qismi (Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hujjatlar sudga oshirilib, gumondorning aybi o‘z tasdig‘ini topsa, u BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Indorama agro 2018 yilning 19 noyabrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyati paxta tolalarini tayyorlash va yigirish bo‘lgan kompaniyaning ustav fondi 66 mlrd 975,5 mln so‘mni tashkil etadi. Unga Raina Depak XXX rahbarlik qiladi. Ta’sischisi sifatida esa Indorama Holdings B.V. (100%) ko‘rsatilgan.

Mazkur kompaniya Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals AJda ham asosiy ta’sischi hisoblanadi — ustav kapitalida 95,50% ulushga ega. Uning rahbari esa Singh Rahul XXX etib ko‘rsatilgan.