Shu yilning 25 oktabridan Buyuk Britaniyaning 57-bosh vaziriga aylangan, badavlatlikda mamlakat qiroliniyam ortda qoldiradigan, sobiq hamkasblaridan yosh masalasida ilg‘or (1783 yili 24 yoshida saylangan Uilyam Pitt Kichkinadan tashqari, albatta) Rishi Sunak shaxsi, siyosiy qarashlari va kelajakka tuzgan rejalari shu kunlarda ko‘pning diqqat markazida turibdi. «Gazeta.uz» ingliz davlatchiligidagi ilk hind bosh vazirning yuqori mansab pillapoyasiga qayerdan, qanday yetib kelgani haqida material tayyorladi.

Hind bolasining inglizcha olami

Janubiy Angliyadagi port shaharcha — Sauzhemptonda, afro-hind oilasida tug‘ilgan to‘ng‘ichvoyning kun kelib Buyuk Britaniyani boshqaruvchi vazirga aylanishi ko‘pchilik uchun kutilmagan (balki kutilgan) hodisa bo‘ldi.

Foto: Rishi Sunak / Twitter.

Otasi Yashvir va onasi Usha Sunak yaxshi yashash, bolalarini tuzukroq maktablarda o‘qitish, durust ta’lim berish niyatida Sharqiy Afrikadan (vazirning ota-bobolari ingliz mustamlakasi paytida Panjob shtatidan qochib, Keniya va Tanzaniyaga kelib o‘rnashadilar) xijrat qilgach, otasi umumiy amaliyot shifokori, onasi mo‘’jaz dorixonasini yuritishda davom etadi. Oilada bir tutum doimiy qoida edi — bolalar ta’limidan hech nimani ayamaslik shart! Shu an’ana sabab Rishi bilan qolgan farzandlar qimmat, ancha-muncha o‘rtahol oila cho‘ntagi ko‘tarolmaydigan maktablarda tahsil olishadi.

Sunak xususiy maktabda savodini chiqargach, ta’limni Vinchester kollejida davom ettiradi. Maktab davrida ham sinfning eng oldi, chaqqon, har ishda faol va bilimli o‘quvchi bo‘lgani keyingi bosqichlarda asqatadi. Univeristetlardan Oksfordni tanlab, siyosat, falsafa va iqtisodiyot bo‘yicha ma’ruzalar tinglaydi.

Chapdan o‘ngga: Rishi Sunakning rafiqasi Akshata Murti, onasi Usha va otasi Rashvir Sunak. Foto: Wiktor Szymanowicz / Anadolu Agency / AFP.

Ayni shu uch soha Britaniyaning sobiq bosh vazirlari, nufuzli davlat arboblari, siyosatdonlari tarjimai holida ko‘p takrorlanadi. Sunak ham ularning munosib davomchisidek maydonga chiqishida shunga tayangan bo‘lsa, ajabmas. Oksforddagi tinka quritar, nihoyasiz vazifalarni a’lo darajada topshiradigan hind talabasi o‘qishni birinchi darajali diplom bilan tamomlaydi.

Oradan muayyan vaqt o‘tib, xalqaro biznes boshqaruvi bo‘yicha Stendford universitetida o‘qiydi. Silikon vodiysining qoq markazida biznes boshqaruvini o‘rgangan siyosatchi: «Stenford seni kengroq fikrlashga o‘rgatadi, odatdagidan kengroq va o‘zgarishlarga dinamik ravishda yaqinlashishga undaydi», degandi intervyularining birida. O‘qish payti bir necha kompaniyalarda tajriba oshiradi, amaliyot o‘taydi. Tabiatan tirishqoq talaba tez ko‘zga tashlanib, ayrim kompaniyalardan ishga takliflar ham tushadi.

Qiroldan-da boy vazir

Amerikada shaxsiy hayoti, biznes-daromadi, yana siyosatdagi muvaffaqiyatlariga sababchi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i — Akshata Murti bilan tanishadi. Garchi Stenforddagi ustozlari Rishining qanday talaba bo‘lganini eslay olishmasa-da, rafiqasi Akshataning o‘ta iste’dodli, uddaburro, zakovatli talaba bo‘lganini ta’kidlashadi. Dekan ham qizning milliarder otasi — Infosys asoschisi va Stenford biznes maktabi maslahat kengashi a’zosi Narayana Murti bilan yaqin do‘stligini yashirmaydi.

Ko‘pchilik «Hindistonning Bill Geytsi» deb e’tirof etadigan milliarder Narayana Murtining qizi Akshata Murti otasining Infosys dasturiy ta’minot kompaniyasida taxminan, 700 million funt sterling yoki 0.91 foiz aksiyaga egalik qiladi. 2009 yili Bengaluru shaharchasida mingdan oshiq mehmon guvohligida oila qurgan juftlikning Krishna va Anushka ismli qizlari bor. Qizig‘i, shu yilning aprelida Murti Buyuk Britaniyada doimiy yashash maqomiga ega bo‘lmay, xalqaro daromadlaridan kelib chiqib to‘lanadigan yillik 30 ming funt sterling soliqdan qochib yurgani ma’lum bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘iga bu masalada siyosiy bosimlar kuchayavergach, xonimning matbuot kotibi jamoatchilikka soliqlar to‘lana boshlanganini aytib, noroziliklarni tinchitadi. Murti xonimning Angliyadagi mulklari qatorida Amerikadagi bir necha hashamdor uylari, o‘ta qimmatbaho obyektlari ham bor.

Qirol Charlz III va bosh vazir Rishi Sunak Bukingem qarorgohida. Foto: BBC.com.

Sunday Times Rich List’da Sunak Murtining umumiy boyligi 730 million funt sterlingni tashkil etishi ochiqlangan, bu Qirol Charlz uchinchi va qirolicha Kamillaning 300−350 million funt-sterling aqchasidan ikki baravar ko‘p degani. Tadbirkor er-xotin butun dunyodagi 15 million funt sterlingdan ortiq baholangan 4 ta mulkka egalik qiladilar. Rafiqasining boyliklari ortidan Rishi Sunak Angliyadagi boylar safidan mustahakam o‘rin olishga ulgurgan.

Siyosiy maydon ichra

Cunak bosh vazirlikkacha bo‘lgan yo‘lni atigi 7 yilda bosib o‘tdi. Buni zamonaviy dunyo tarixidagi eng qisqa muddatlardan deya baholaydi ekspertlar. Negaki, sobiq safdoshi Devid Kemeron bu mansabga kelgunicha 9 yilini sarflagan edi. Biroq yosh bosh vazir ham sirpanchiq, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan qayta-qayta o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Qaysidir bosh vazir jamoasida javlon uradi, ba’zan kimgadir firib berib, ayrim vaziyatlarda kimnidir o‘rnidan siljitishiga to‘g‘ri keladi.

Shu yilning 5 sentabrida Liz Trass maydonga chiqqanida Rishining ham siyosiy muhorabadan butunlay chiqib ketishi kutilgandi. G‘alabaga bir qadam qolganda o‘z partiyadoshlari ishonchsizlik bildirib, Trass xonimni qo‘llab-quvvatlashadi. Biroq tez orada vazir xonimning halokatli va moliyalashtirilmagan soliq imtiyozlari haqidagi islohotlari boshiga balo yog‘dirib, o‘rnini Sunakka bo‘shatib berishga majbur qiladi.

Yetakchilikni qo‘lga kiritgach, fiskal konservatizm tarafdori bo‘lmish Sunak deputatlarga «Buyuk Britaniyaning yuqori darajada mahsuldor iqtisodiyoti»ga erishmoqchiligini, past soliqlar albatta bo‘lishi, lekin bu hamyonbop, hammaning qurbi yetadigan miqdorda belgilanishini aytadi.

Aslida, Sunakning bugungi yutuqlari 2019 yili boshlangandi. Sobiq vazir Boris Jonson jamoasiga qo‘shilib, vazir Sajid Javod bilan g‘aznachilik bo‘limi kotibi bo‘lib ish boshlashi uni siyosiy bo‘hronlar oqimiga qo‘shilishga zamin hozirlaydi. Go‘yo zinapoyadan hakallab yuqoriga ko‘tarilgandek, Rishi ham siyosiy mansab pillapoyalariga nafasi qisilmay chiqaveradi.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson va Rishi Sunak. Foto: Kommersant.

2020 yil bahorida, pandemiya sekin-asta cho‘qqisiga ko‘tarilayotgan payti aholiga «nima kerak bo‘lsa, o‘shani hozirlashga» va’da berib, 350 milliard funt sterling miqdoridagi yordamni ajratgach, Sunakning obro‘si birdan oshib ketadi. Tarafdorlari ko‘payadi. Og‘zini poylab, nima deyishini ilhaq kutadiganlar soni oshadi.

Biroq Buyuk Britaniya iqtisodiyoti bo‘ron ichida qolgach, janob Rishi 2020 yili Dauning stritda qoidalarni buzgani uchun jarimalarni to‘lashga andarmon bo‘lib qoladi. Boris Jonsonning iste’foga chiqishi lokdaun e’lon qilinishga qaramay o‘tkazilgan bayram kechasi bilan bog‘liq. Biroq Rishi Sunak ham o‘sha mehmonnavozlikda qatnashganlardan.

2022 yil aprelida ikki siyosatdon sanitar me’yorlarini buzgani uchun jarimaga tortilgandi. Sunak avvaliga aybini tan olmay, o‘zini begunohdek tutadi, lekin keyinchalik jarimani to‘laganini ma’lum qiladi.

O‘sha yil iyulida esa vazirlar mahkamasidan iste’foga chiqib, iqtisodiyotga oid qarashlari bosh vazir Boris Jonsonnikidan «juda boshqacha»ligini ta’kidlaydi. Bu jamoada ortiq qololmasligini aytib, «bir qadam ortga, ikki qadam oldinga» yuradi. Ushbu iqror sobiq vazir Jonsonni hokimiyatdan chetlatishda muhim rol o‘ynaydi. Oradan o‘n olti hafta o‘tib o‘zi bosh vazirga aylanadi.

Ashaddiy konservatormi yoki sotsialist?

Bloomberg nashrining yozishicha, Rishining g‘alaba qozonishi hindlarning muqaddas bayramlaridan biri — Divali kuniga to‘g‘ri kelgani yosh vazirning tole kulganidan darak ekan. Bu «nurning zulmatdan, ezgulikning yovuzlikdan, ilmning johiliyat ustidan g‘alaba qozongan» kunidir.

Sunak Konservativ partiya va Buyuk Britaniya hukumati uchun tartibni tiklashda ayovsiz kechadigan kurashda yetakchilikka ega deb hisoblaydi aksar nashrlar. Inglizlar Boris Jonson bilan Rishi Sunakni o‘zaro taqqoslab, birinchisini «mas’uliyatsiz», keyingisini «o‘ta botartib» deb baholab ham qo‘yganlar.

Bloomberg Sunakni har qanaqasiga mamlakat boshi bo‘lishga qodir nomzod deb biladi. Nufuzli ta’lim dargohlarini bitirib chiqqani, uch tomonlama mutaxassislikka (FSI — falsafa, siyoatshunoslik va iqtisod) egaligi unga har tarafdan ustunlik berishi tayin.

Foto: BelTA.

Boshqa millat vakili bo‘lishiga qaramay Sunak ashaddiy konservatordir. Uni «mas’uliyatli hukumat va mas’uliyatsiz populizm o‘rtasidagi vahshiyona suzuvchi konservativ qanot»ga tegishli shaxs deb ta’riflashadi. Behad kirishimligi, so‘zga chechan va ajoyib boshqaruvchiligi uchun har qanday jamoada o‘rni, obro‘sini topib ketishini safdoshlarining havasini, gohi hasadini qo‘zg‘atadi. Unga texnokratlar tilini tushunadigan yagona siyosatchi deya yuqori baho berishadi.

Biroq janob Ris-Mogga o‘xshagan tanqidchilar uni ashaddiy «sotsialist» deb biladi. Sunak esa Jonson iqtidorligida ham Breksitning tarafdori ekanini yashirmagan, Britaniyani Osiyoning gegemonligi, Amerikaning dinamikasi bilan rivojlantirmoqchiligini ham ko‘p bora ta’kidlagan.

Koka-kolayu futbol «jinnisi» va korchalonlar do‘sti

Sunak Coca-cola`ning ashaddiy muxlislaridan. Hatto bir gal ikki o‘quvchiga kolaga oid neki bor, hammasini yig‘ishga ishqibozligi, qopqog‘idan tortib, yorlig‘igacha kolleksiya qilishini erinmay aytib beradi. Tishlari kola ichaverib zararlansa-da, baribir mubtalolikni qo‘ymasligini ham berkitmaydi.

Foto: Kommersant.

Do‘stlari esa yuqori davralarga tegishli korchalonlar, aristokratlar, o‘ziga to‘q, maishati zo‘r odamlar. «Ishchi guruhdan ham biror do‘st-og‘ayningiz bormi?» deb so‘rashganida, «Xo‘sh, yo‘q, bu doiradan do‘stim yo‘q!» deb tan olgandi bir safar.

Sunak futbolning ashaddiy ishqibozi. Agar Tereza Mey yoshligida bug‘doy dalalari bo‘ylab yugurishni yomon ko‘rgan bo‘lsa, Sunak «Yevro-96» uchrashuvlarini o‘tkazib yubormaslik uchun maktabga televizor ko‘tarib borgan paytlarini eng yoqimsiz davr deb eslaydi. 18 ga kirgan kuni Sauzhemptondagi eng sevimli jamoasiga qabul qilingani haqidagi ruxsatnomani olganida boshqa sovg‘a-salomga qayrilib qaramaganini tez-tez xotirlaydi.

Intervyularidan birida Sunak bolaligida «Yulduzlar jangi»dagi ritsar bo‘lishni orzu qilganini aytadi. Ota-onasi bolalarini hind an’analaridan uzmay tarbiyalashganiga qaramay, Rishida inglizcha fikrlash va qarashlar ustun keladi. «An’anaviy tarbiya nima degani? Yakshanba kuni ibodatxonaga borsam, har shanba futbol o‘ynagani yugurardim», deydi BBS jurnalisti savoliga.

Yordam berish uchun ham yegin!

Biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlaridan biri Eat Out to Help Out («Yordam berish uchun ham yegin!») bo‘lib, kafe va restoranlarni saqlab qolishga qaratilgani bilan e’tiborni tortgan. Taklif etilgan dastur amalda o‘zini oqlab, bir qancha kichik biznes egalarini inqirozdan omon chiqishiga yordam beradi. «Millionlab ish o‘rinlari»ni saqlab qolganidan hamon g‘ururlanadigan vazir loyiha payti hatto o‘zi bosh bo‘lib restoranlarda ofitsiant bo‘lib ko‘radi.

Foto: Kommersant.

25 oktabr kuniyoq bosh vazirlar qarorgohi sanalmish Dauning strit 10-xonadon oldida nutq so‘zlagan Rishi Sunak hukumatni «Qirol nomidan» boshqarishini, mamlakat iqtisodiy inqiroz oldida ojiz qolganda jamiki mas’uliyatni bo‘yniga olayotganini aytadi.

«Pandemiya asorati hamon bilinyapti. Putinning Ukrainaga urushi bozor kuchini qirqdi va butun dunyoga ta’sirini ko‘rsatdi. Hamkasabam Liz Trassga minnatdorlik bildirmoqchiman. Aslida u unchalik nohaq ham emasdi. Niyati xayrli edi, lekin ba’zi xatolar chindan qilindi. Men esa o‘shalarni to‘g‘rilash uchun partiyamning va sizning yetakchingiz qilib tanlandim. Biz mamlakatimizni quruq so‘z, va’da bilan emas, balki amalda birlashtiramiz. Ishonchga erishiladi va men ham ishonchingizga erishmoqchiman», — deya ommaviy axborot vakillari qarshisida xalqqa murojaat qiladi.

Yaqin safdoshi Boris Jonsonning samimiyligi, muvafaqqiyatlari, zukkoligini doim qadrlaydigan Buyuk Britaniyaning hind yo‘lboshlovchisi shu yilning 25 oktabridan rasman vazifasiga kirishdi.