Joriy yilning 1 noyabr kuni O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) savdo platformasida ilk bor «Asakabank» AJ va «Qishloq qurilish banki» ATB tomonidan ekspiratsiya muddati joriy yilning noyabr oyida belgilangan valyutaviy fyuchers shartnomalari bilan bitimlar tuzildi. Bu haqda O‘zRVB matbuot xizmati xabar berdi.

Bazaviy aktivi AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi bo‘lgan fyuchers shartnomalari bilan savdolar ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy xalqaro standartlar asosida O‘zRVB tomonidan ishlab chiqilgan (in-house) yangi elektron savdo platformasida tashkil etildi.

Avvalroq, Markaziy bank, O‘zRVB va boshqa mutasaddi vakillar ishtirokida yangi fyuchers platformasi va mobil ilovaning taqdimoti bo‘lib o‘tgani haqida yozilgandi.

Unda, MB departament direktori Alimardon Adilov fyuchers operatsiyalari oldi-sotdisining yo‘lga qo‘yilishi bevosita spekulyatsiya va xedjirlash (sug‘urtalash) jarayonlari asosida amalga oshirilishi va provayder banklar bu orqali kelajakdagi risk xavfini kamaytirishga erishishini ta’kidlab o‘tgandi.

Mutaxassislar tomonidan xorij tajribasi o‘rganilganda fyuchers savdolari uchun eng qulay muddat 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan vaqt deya belgilangan.

Xozirda platformaning kafolat jamg‘armasi 4 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Platformaga valyuta birjasiga tegishli Rhombus tizimi orqali kiriladi.