1−3 noyabr kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida «Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi» o‘tkaziladi. 31 oktabr kuni Samarqandda mazkur haftalikka bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Matbuot anjumanida xalqaro haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini yuzaga chiqarish, mamlakatni jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida tanitish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish hamda turizm eksportini oshirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, turizm haftaligi Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Haftalikka Abu Dabidagi Toba muassasasi raisi Al-Habib Ali al-Ja’fariy, Al Nadwa Islom madaniyati va fani assotsiatsiyasi rahbari Bilol Al Budur, Koreya musulmonlar federatsiyasi prezidenti Kim Dong Yok, Halal Italy Development prezidenti, «Halol» fan va texnologiyalari instituti direktori Karim Kristian Benvenuto va boshqa 50 dan ortiq xorijlik mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Haftalik doirasida Samarqandda «Zamonaviy islomiy me’morchilik» ko‘rgazmasi, «Ko‘ngil ohanglari» festivali, «Markaziy Osiyo — Islom san’ati markazi» xalqaro forumi kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

Buxoroda «Mir Arab bitiruvchilari» forumi, «O‘zbekiston islomiy merosi» konferensiyasi, «Islom naqqoshligi va xattotlik» ko‘rgazmasi va boshqalar bo‘lib o‘tadi. Xorazmda esa «Xiva — Islom olami turizm poytaxti»ga bag‘ishlangan Xorazm — islom me’rosi konferensiyasi, «Xiva — islom san’ati» rassomlar ko‘rgazmasi kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

Xalqaro Ziyorat turizm haftaligi dasturidan Toshkentda «Islom iqtisodiyoti» davra suhbati, «Milliy liboslar» ko‘rgazmasi, «Halol turizm» konferensiyasi, «Halol taomlar» festivali kabi tadbirlar ham o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, «Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi» O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 30 apreldagi «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 232-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 maydagi «Xalqaro ziyorat turizmi haftaligini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 282-sonli qarori asosida tashkil etilmoqda.