Farg‘ona viloyatidagi Uzsungwoo qo‘shma korxonasida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 10 million dollarlik loyiha qiymatiga ega metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyasi foydalanishga topshirildi, deb xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati.

obyekt to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, eng yangi texnologiyalar asosida ishlaydi va Schuler, Prima Power, Benteler, Aotto kabi kabi dunyoning eng old mashinasozlik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan po‘lat o‘ramdan kerakli o‘lcham olish, qizdirib presslash, lazerda kesish uskunalari bilan jihozlangan.

Yangi liniyaning ishga tushirilishi natijasida 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi va korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 95 million dollarga oshdi. Metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyaning o‘zida yiliga 19 million dollardan ortiq 2,4 million dona mahsulot ishlab chiqariladi.

Yangi texnologik jarayon, shuningdek, Tracker va Onix avtomobillari uchun 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga imkon beradi.

Ma’lumot uchun, Uzsungwoo MCHJ qo‘shma korxonasining tashkil etilgan 2012 yildan buyon viloyatga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 60 million dollarga yetdi. Korxonada 10 yildan buyon mamlakatda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun katta va o‘rta o‘lchamdagi 300 dan ortiq nomdagi shtamp-payvandlangan qismlar ishlab chiqariladi. Korxonada faoliyat yuritayotgan ishchilar soni 900 nafardan oshdi.